date

Polshada uyga tushgan raketa F-16 samolyotiga tegishli bo‘lishi ma’lum bo‘ldi

Polshada uyga tushgan raketa F-16 samolyotiga tegishli bo‘lishi ma’lum bo‘ldi

Polshaning nufuzli nashri Rzeczpospolita tarqatgan ma’lumotga ko‘ra, mamlakat sharqida joylashgan Viriki-Vola qishlog‘ida rus dronlarining havo hududiga kirishi vaqtida zarar ko‘rgan uyga uchuvchisiz apparat qoldiqlari emas, balki Polshaga tegishli F-16 qiruvchi samolyotidan otilgan «havo-havo» turidagi raketa tushgan. Manbaning ta’kidlashicha, parvoz paytida raketa yo‘naltirish tizimida texnik nosozlik sodir bo‘lgan va qurilma to‘g‘ri ishlamay qolgan. Bu haqda xavfsizlikka mas’ul davlat idoralaridagi manba gazetaga bergan intervyusida ma’lum qildi.

Lyublin prokuraturasi esa hodisa yuzasidan ochiq ma’lumot tarqatmasdan, qulagan qurilmani «noma’lum uchuvchi obyekt» sifatida atash bilan cheklandi. Biroq gazeta xabarida qayd etilishicha, prokuratura qo‘lida voqea haqida to‘liq ma’lumot mavjud. Mutaxassislar yordamida 17 ta dronning qoldiqlari osongina aniqlangan, ammo aynan Viriki hududiga tushgan obyekt haqida rasmiy izoh berishdan bosh tortilgan. Prokuratura bayonotida: «Ayni vaqtda mazkur qurilma na dron va na uning bo‘laklari sifatida tasdiqlangan», — deyiladi.

Gazetaga javoban idora matbuot kotibi Agneshka Kempka tergov hali davom etayotgani, aniq xulosalar uchun maxsus ekspertlarning rasmiy hisoboti kutilganini ta’kidladi. Shu bilan birga, Rzeczpospolita manbasiga ko‘ra, og‘irligi 150 kilogrammdan ziyod, uzunligi uch metrga yetgan AIM-120 AMRAAM turkumiga oid raketa uyga qulagan. Ammo qurilmaning portlovchi qismi faollashmagan, chunki xavfsizlik tizimlari ishga tushgan. Shu bois uyga yetkazilgan zarar katta bo‘lsa-da, kuchli portlash sodir bo‘lmagan.

Bu holat Polsha jamoatchiligida jiddiy bahslarga sabab bo‘ldi. Chunki hodisa Rossiya dronlarining havo hududini buzishi ortidan yuz bergan va ayni paytda NATO xavo himoya tizimining samaradorligi haqida savollar tug‘dirgan. Ehtimol, kelgusida ushbu voqea Polshadagi xavfsizlik choralarini yanada kuchaytirishga sabab bo‘lishi mumkin.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Polshada uyga tushgan raketa F-16 samolyotiga tegishli bo‘lishi ma’lum bo‘ldi