Toshkent — Seul reysida ayolning hayotini saqlab qolgan o‘zbekistonlik shifokor mukofotlandi

O‘zbekistonlik shifokor Hasan Komilov Toshkentdan Seulga uchayotgan samolyot bortida ahvoli keskin og‘irlashgan ayol yo‘lovchiga shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatib, uning hayotini saqlab qolgani haqida xabar berilgan edi. 7 noyabr kuni shifokor «Xalq salomatligi posboni» ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, mukofot Tibbiyot va farmatsevtika xodimlari kuni munosabati bilan poytaxtda o‘tkazilgan tantanali tadbirda topshirilgan. Unda sog‘liqni saqlash sohasi rivojiga munosib hissa qo‘shgan bir guruh xodimlar davlat mukofotlari va ko‘krak nishonlari bilan taqdirlangan.
Hasan Komilov Samarqand shahridagi xususiy klinika rahbari, Toshkent davlat tibbiyot universiteti izlanuvchisi hamda tajribali otorinolaringolog hisoblanadi.
Hodisa joriy yilning 11 oktyabr kuni Toshkent — Seul yo‘nalishidagi HY511 reysida sodir bo‘lgan. Parvoz vaqtida ayol yo‘lovchining ahvoli to‘satdan og‘irlashib, u shok holatiga tushgan. Tanasi ko‘karib, sovib ketgan yo‘lovchiga samolyot bortida bo‘lgan Hasan Komilov ekipaj a’zolari bilan birgalikda shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatgan.
Shifokor va ekipajning tezkor harakatlari natijasida ayolning ahvoli barqarorlashgan va u o‘ziga kela boshlagan. Hodisa haqida avvalroq «Uzbekistan Airways» ham rasmiy xabar berib, shifokorga minnatdorlik bildirgan.






























Izohlar 0
…