Xalqaro siyosiy maydonda katta ahamiyatga ega voqea ro‘y berdi — Kanada, Buyuk Britaniya va Avstraliya rasman Falastin davlatini tan olishga qaror qildi. Bu haqda ushbu mamlakatlar bosh vazirlari bir kunning o‘zida bildirgan bayonotlari orqali ma’lum qildilar.
Kanada rahbari Mark Karnining so‘zlariga ko‘ra, Falastin davlatchiligini e’tirof etish — faqat ramziy qadam emas, balki ikki xalq o‘rtasida tinch kelajakni qurish yo‘lidagi muhim omildir. Uning ta’kidlashicha, Kanada bu orqali HAMAS harakatini qonuniylashtirishni ko‘zlamayapti, aksincha, uning siyosiy sahnadan chetlashishini ta’minlaydi. Shu bilan birga, u Isroilning xavfsizligi Kanada uchun ustuvor maqsadligini urg‘uladi.
Buyuk Britaniya bosh vaziri Kir Starmer ham o‘z murojaatida Londonning qarorini oshkor etdi. Uning aytishicha, bu qadam isroilliklar va falastinliklar uchun ikki davlat yechimiga umid uyg‘otadi. Starmer HAMASni «kelajagi yo‘q terrorchi tuzilma» deb atadi va yaqin haftalarda uning yetakchilariga qarshi yangi sanksiyalar joriy etilishini ma’lum qildi.
Avstraliya bosh vaziri Entoni Albaneze esa mamlakatining Falastinni rasman tan olganini e’lon qildi. Uning ta’kidlashicha, Falastin ma’muriyati kelajakda keng qamrovli islohotlarni amalga oshirishi va demokratik saylovlar o‘tkazishi shart. Shu orqali falastinliklar o‘z taqdirini qonuniy va tinch yo‘l bilan hal qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Barcha bayonotlarda umumiy bir nuqta bor: HAMAS Falastinning kelajagida siyosiy rol o‘ynamasligi kerak va garovga olingan isroilliklar ozod qilinishi lozim.
Kanada bosh vaziri Mark Karni qo‘shimcha qildi: Falastin muxtoriyati kelasi yil xalqaro hamjamiyat yordamida saylovlar o‘tkazishga tayyorlanmoqda. Shuningdek, davlatni demilitarizatsiya qilish va boshqa siyosiy islohotlarni amalga oshirish yuzasidan hamkorlik yo‘lga qo‘yiladi.
Bu e’tirof xalqaro munosabatlarda yangi bosqichni boshlab berishi mumkin. Ko‘plab ekspertlar fikricha, G‘arbiy qirg‘oq va G‘azodagi siyosiy vaziyat kelgusi oylarda yangicha rang olishi ehtimoldan xoli emas.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!