date

O‘zbek harbiylari Koreyadagi nufuzli musobaqada rekord o‘rnatdi

O‘zbek harbiylari Koreyadagi nufuzli musobaqada rekord o‘rnatdi

Janubiy Koreyaning Kongvando provinsiyasi Inje shahrida 21–26 sentyabr kunlari o‘tkazilgan nufuzli xalqaro musobaqada O‘zbekiston harbiylari barcha raqiblardan ustun kelib, munosib g‘alabaga erishdi. Bu haqda Mudofaa vazirligi rasman ma’lumot tarqatdi.

Quruqlik qo‘shinlari Ilmiylashtirilgan mashg‘ulot markazida tashkil etilgan uchinchi xalqaro ilmiy-jangovar tayyorgarlik musobaqasiga Koreya, AQSH, Yangi Zelandiya, Kambodja va NATO qo‘shma guruhidan tashqari 16 ta jamoa va 500 ga yaqin harbiy xizmatchi qatnashdi.

Bellashuv dasturi juda serqirra bo‘lib, avvalo har bir jamoa operativ reja tayyorlash, milliy kelishuv bo‘yicha majburiyatlarni bajarish va bo‘linmalarning qo‘shma operatsiyalarida zarur bo‘ladigan ko‘nikmalarni mustahkamladi. Shundan so‘ng qur’a tashlash orqali asosiy bosqichlar boshlandi.

Musobaqa qoidalariga ko‘ra, ishtirokchilar tog‘oldi, o‘rmon va shahar sharoitida o‘tkazilgan shartli jangovar simulyatsiyalar orqali 12 bosqichli sinovlarda ishtirok etishdi. Har bir bosqichda taktik vaziyatga mos harakat qilish, jangovar qoidalarga rioya etish, shartli dushmanni yo‘qotish va omon qolish darajasi kabi ko‘rsatkichlar chuqur tahlil qilindi.

O‘zbekiston harbiylari bu bellashuvda o‘z mahorat va tezkorligi bilan alohida ajralib turdi. Ular shartli dushmanning asosiy qo‘mondonlik punktini qo‘lga olish uchun atigi 21 daqiqa sarfladi. Bu natija musobaqadagi oldingi rekord – 33 daqiqani ortda qoldirdi. Shuningdek, mudofaa jarayonida dushman kuchlarini yo‘qotish uchun 25 daqiqa yetarli bo‘ldi va bu ko‘rsatkich ham avvalgi eng yaxshi vaqtdan (29 daqiqa) ancha yuqori bo‘ldi.

Ekspertlar ta’kidlashicha, o‘zbek harbiylarining bunday natijasi nafaqat yuksak tayyorgarlik va intizom samarasi, balki ularning jahon miqyosida raqobatbardosh kuch sifatida shakllanayotganini ham namoyon etmoqda.

Shu tariqa, Koreyadagi musobaqa nafaqat o‘zbek armiyasining sharafini yanada baland qildi, balki milliy harbiy maktabning zamonaviy yo‘nalishlarda qanchalik kuchli rivojlanayotganini ham ko‘rsatdi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » O‘zbek harbiylari Koreyadagi nufuzli musobaqada rekord o‘rnatdi