Britaniya fuqarosi Mitchell Dikin AQSHning Nevada shtatida 3000 metr balandlikdan amalga oshirgan parashyut sakrashida mo‘jizaviy ravishda hayotini saqlab qoldi. Uning na asosiy, na zaxira parashyuti ochilmaganiga qaramasdan, u tirik qolishga muvaffaq bo‘ldi. Bu haqda Daily Mail nashri xabar tarqatdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Dikin instruktor Xiron Arsos Ponse bilan birgalikda tandem shaklida sakragan. Qator omadli tasodiflar tufayli ikkalasi ham tirik qolishdi. Biroq Dikin og‘ir jarohatlar oldi: uning qovurg‘alaridan bir nechtasi sindi, tos suyagi shikastlandi, buyrakka putur yetdi va o‘pkasida teshilgan joy aniqlandi. U tezda jarrohlik amaliyotiga olindi va vrachlar uning tos suyagini metall plastinalar bilan mustahkamlashdi. Ayni damda u shifokorlar nazorati ostida tiklanish jarayonini boshdan kechirmoqda. Instruktorning holati esa hali ham og‘irligicha qolmoqda.
AQSH Federal Aviatsiya ma’muriyati hodisaning barcha holatlarini atroflicha o‘rganishni boshladi. Shu bilan birga, Dikinning sherigi Izabel uning davolanishi va reabilitatsiyasi uchun mablag‘ to‘plash kompaniyasini yo‘lga qo‘ydi. Kompaniya doirasida allaqachon 16 ming funt sterling (taxminan 21,5 ming dollar) yig‘ilgan. Uning aytishicha, to‘plangan mablag‘lar tibbiy xizmat, transport va yashash xarajatlarini qoplashga sarflanadi. Agar ortiqcha mablag‘ qolsa, Dikin ularni xayriya ishlariga yo‘naltirish niyatida.
Mutaxassislar bu holatni parashyut sportidagi eng kam uchraydigan fojea va omadli omon qolish misollaridan biri sifatida baholamoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!