Hindistonda sud shifokorlarning tushunarsiz yozuvlari bemorlar hayotiga xavf tug‘dirishi mumkinligini ta’kidladi. Punjab va Haryana Oliy sudi retseptlar ravon va tushunarli yozilishi kerakligini, bu bemorning huquqi ekanini bildirdi.
Mutaxassislar noto‘g‘ri yozilgan retseptlar dorilarni adashib berilishiga olib kelishini aytmoqda. Ayrim hollarda bu og‘ir oqibatlarga, hatto o‘limga ham sabab bo‘lgan. Shuning uchun yozuv aniq bo‘lishi muhim hisoblanadi.
Sud qaroriga ko‘ra, shifokorlar endi retseptlarni katta harflarda va tushunarli yozishga majbur bo‘ladi. Shu bilan birga, ikki yil ichida raqamli retseptlar joriy etilishi rejalashtirilmoqda.
Hindiston tibbiyot uyushmasi ham bu qarorni qo‘llab-quvvatladi. Ular shifokorlarga yozuvni ravon qilishni tavsiya qilmoqda. Mutaxassislar fikricha, elektron retseptlar keng qo‘llansa, xatoliklar kamayadi.