Turkiyada ikki opa-singil yopiq do‘kondan ichimlik olib, pulini eshik ostidan qoldirdi (video)

Turkiyaning Bursa shahri Osmangazi tumanida ikki opa-singil yopiq do‘kon oldidan ichimlik olib, uning pulini eshik ostidan ichkariga tashlab ketdi. Bolalarning bu halol harakati kuzatuv kamerasiga tushib, ijtimoiy tarmoqlarda e’tibor qozondi.
Anadolu Ajansı xabariga ko‘ra, voqea 8 oktyabr kuni Bursa shahrining Intizam mahallasida sodir bo‘lgan. Qariyb 30 yildan beri savdo bilan shug‘ullanib kelayotgan 57 yoshli do‘kon egasi Mustafo Targay namoz o‘qish uchun do‘konini qulflab ketgan.
Shu payt ichimlik sotib olish uchun kelgan ikki opa-singil do‘kon yopiq ekanini ko‘rgan. Ular do‘kon tashqarisida turgan ichimliklardan olib, pulini kuzatuv kamerasiga ko‘rsatgan va eshik ostidan ichkariga tashlagan.
Do‘kon egasi qo‘shnisining aytishi bilan kamera yozuvlarini tekshirib, bolalarning bu harakatidan xabar topgan. U voqeadan juda ta’sirlanganini aytgan.
Mustafo Targay keyinchalik opa-singillarni otasi bilan birga do‘konga taklif qilib, ularga turli sovg‘alar bergan. U bolalarning halol va vijdonli bo‘lib ulg‘ayishidan xursand ekanini bildirgan.
Voqea aks etgan tasvirlar ijtimoiy tarmoqlarda tarqalib, ko‘plab insonlarning e’tiborini tortdi.






























Izohlar 0
…