Tolibon Afg‘onistonda internet butunlay uzilgani haqidagi xabarlarni rasman rad etdi. Al Jazeera xabariga ko‘ra, Tolibon bu holatni “eskirgan tolali-optik kabellarni almashtirish bilan bog‘liq vaqtinchalik texnik muammo” deb izohladi. Rasmiy bayonotda, “Internetni taqiqlaganimiz haqidagi gaplar asossiz” deyiladi.
Biroq, Netblocks global tarmoq kuzatuv tashkiloti 29-sentyabr kuni 43 million aholiga ega mamlakatda internetning to‘liq bloklanganini qayd etdi. Shu davrda telefon aloqasida ham muammolar yuzaga kelgan.
Tolibon avval ham ayrim viloyatlarda “axloqiy buzilishlarga qarshi kurash” sababli internet xizmatlarini cheklab kelgan. Masalan, Balx viloyatida tolali-optik internet butunlay to‘xtatilgan, shuningdek, Badaxshon, Taxor, Hilmand, Qandahor va Nangarhor viloyatlarida ham shunga o‘xshash cheklovlar joriy etilgan.
TOLOnews telekanali xabariga ko‘ra, Tolibon mobil qurilmalarda 3G va 4G xizmatlarini bir hafta ichida to‘xtatish bo‘yicha topshiriq bergan, mahalliy manbalarga ko‘ra, 8 mingdan ortiq aloqa ustunlari vaqtincha o‘chirilgan.
Internetning uzilishi shaxsiy muloqot bilan birga aviatsiya, bank tizimi va savdo faoliyatiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatgan. Bu voqea mamlakat sharqida 2 mingdan ortiq odam halok bo‘lgan kuchli zilziladan atigi bir necha hafta o‘tib sodir bo‘lgan. 1-oktyabr kuni Afg‘onistonda internet va aloqa xizmatlari qayta tiklandi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!