Rossiya prezidenti Vladimir Putin mamlakatdagi xorijiy aktivlarni milliylashtirishga tayyorgarlik ko‘rishni buyurdi. Bu qaror, agar Yevropa Ittifoqi Rossiyaning muzlatilgan aktivlarini musodara qilsa amalga oshiriladi. Bloomberg xabariga ko‘ra, 30 sentyabr kuni Putin aktivlarni tezlashtirilgan tartibda maxsus yo‘l bilan sotishga ruxsat beruvchi farmonni imzoladi. Hujjatda choralar xorijiy davlatlarning, jumladan sanksiyalar shaklidagi harakatlariga javob bo‘lishi qayd etilgan.
Bloomberg manbasining ta’kidlashicha, “Bu farmon Rossiya va xorijiy kompaniyalarni sotish jarayonini jadallashtirishga qaratilgan. Agar Yevropa Ittifoqi Rossiya aktivlarini musodara qilsa, Moskva ham shunga o‘xshash choralar bilan javob qaytarishi mumkin.”
2022 yilda Rossiya Ukrainaga keng ko‘lamli bosqinni boshlagach, G‘arb kompaniyalarining ko‘pchiligi mamlakatni tark etdi. Shunga qaramay, Uni Credit, Raiffesisen Bank International, PepsiCo va Mondeles kabi kompaniyalar Rossiyada faoliyatini davom ettirmoqda.
Sentyabr oxirida Yevropa Ittifoqi rahbarlari Rossiyaning muzlatilgan aktivlarini garovga qo‘ygan holda Ukrainaga 140 milliard yevro kredit berish rejasini ma’qulladi. Kreml esa bu rejani qoralab, uni “o‘g‘rilik” deb atadi.
Mazkur farmon va choralar, Rossiya va G‘arb o‘rtasidagi iqtisodiy va siyosiy munosabatlarda yangi davr boshlanishini ko‘rsatadi. Shu bilan birga, Kreml xorijiy kompaniyalar va aktivlarga bo‘lgan nazoratni kuchaytirishga tayyorligini ochiq bildirgan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!