Italiyada diniy kiyimlar masalasi yana qizg‘in muhokama markazida. Bosh vazir Jorjiya Meloni boshchiligidagi “Italiya birodarlar” (Fratelli d’Italia, FDI) partiyasi parlamentga jamoat joylarida burqa, niqob va paranjini kiyishni taqiqlovchi yangi qonun loyihasini taqdim etdi. Bu haqda partiyaning rasmiy saytida ma’lum qilindi.
Qonun tashabbusi nafaqat diniy kiyimlarga nisbatan cheklovni, balki mamlakatdagi masjidlarni moliyalashtirish manbalarini ochiq va shaffof nazorat ostiga olishni ham ko‘zda tutadi. Bu tashabbus Italiyada diniy ozchiliklar huquqi va milliy xavfsizlik masalasi atrofidagi bahslarni yana kuchaytirdi.
Qonun loyihasi nimani o‘z ichiga oladi?
FDI partiyasi deputatlari parlamentning quyi palatasi — Deputatlar palatasiga “Kamsitishga qarshi” deb nomlangan hujjatni kiritgan. Unda burqa, niqob va paranjini davlat muassasalari, ta’lim muassasalari va boshqa jamoat joylarida taqiqlash taklif qilingan. Shu bilan birga, masjidlar faoliyatida moliyaviy shaffoflik talablari joriy etiladi, diniy tashkilotlar xorijdan xayriya yoki sarmoya qabul qilsa, bu ochiq hisobot orqali amalga oshirilishi shart bo‘ladi.
Qonun loyihasida “majburiy nikoh” jinoyati uchun javobgarlikni kuchaytirish ham nazarda tutilgan. Ya’ni ota-ona yoki yaqin qarindoshlar tomonidan qizlarni majburlab turmushga berish holatlari og‘ir jinoyat sifatida baholanib, jazo miqdori oshiriladi.
Taqiqni buzganlar jarimaga tortiladi
Hujjatga ko‘ra, jamoat joylarida paranjiyoki burqa kiygan shaxslarga 300 yevrodan 3000 yevrogacha jarima solinishi mumkin. Bu chorani maqsadi, rasmiylarga ko‘ra, “jamoat xavfsizligini ta’minlash va italyalik ayollarning erkinligini himoya qilish”dir.
Joriy yil boshida Meloni koalitsiyasidagi boshqa o‘ng partiya — “Liga” ham shunga o‘xshash qonun loyihasini parlamentga taqdim etgan edi. Biroq u faqat yuzni to‘suvchi kiyimlarga oid bo‘lib, FDI taklifiga nisbatan ancha tor doiradagi cheklovlarni qamrab olgan.
Hozirda “Liga” loyihasi parlament qo‘mitasida ko‘rib chiqilmoqda. Mutaxassislar taxmin qilishicha, ikki tashabbus kelgusida birlashtirilishi mumkin. Hozircha muhokama sanasi aniqlanmagan, ammo parlamentdagi o‘ng qanot kuchlar ustunligi tufayli qonun qabul qilinishi ehtimoli juda yuqori baholanmoqda.
Mutaxassislar nima deydi?
Siyosatchilar va huquqshunoslar bu tashabbusni turlicha baholamoqda. Ayrimlar buni “milliy xavfsizlikni mustahkamlash chorasi” deb qo‘llab-quvvatlayotgan bo‘lsa, boshqalar “diniy ozchiliklarning shaxsiy erkinligini cheklash” deb baholamoqda.
Yevropa huquq tashkilotlari Italiya hukumatini diniy erkinlik va inson huquqlarini kafolatlashga chaqirgan. Biroq Meloni hukumati o‘z pozitsiyasida qat’iy — ularning fikricha, “har bir inson erkinligi xavfsizlik chegaralaridan chiqmasligi kerak”.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!