Mashhur eronlik xonandaga 74 darra jazosi tasdiqlandi

QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
- Eron apellyatsiya sudi mashhur xonanda Parastu Ahmadi va uning sakkiz nafar guruh a'zosiga nisbatan tayinlangan 74 darra jazosi hamda ikki yil davomida mamlakatdan chiqish va badiiy faoliyat bilan shug'ullanishni cheklash hukmini o'zgarishsiz qoldirdi.
- Bu hukm 2024 yil dekabr oyida internet orqali namoyish etilgan, unda 29 yoshli Parastu Ahmadi hijobsiz holda qo'shiq kuylagan.
- Eron hukumati ushbu konsertni mamlakatning "qonuniy va madaniy me'yorlari"ga zid deb baholagan.
Eron apellyatsiya sudi mashhur xonanda Parastu Ahmadi hamda uning guruhiga nisbatan tayinlangan 74 darra jazosini o‘zgarishsiz qoldirdi. Shu tariqa, xonanda va uning jamoasidagi yana sakkiz nafar a’zo bo‘yicha chiqarilgan sud hukmi yakuniy kuchga kirdi. Bu haqda The Guardian xabar berdi.
Qayd etilishicha, Qum shahridagi apellyatsiya sudi Ahmadi va uning jamoasi advokatlari tomonidan berilgan shikoyatni rad etgan. Sud hukmi joriy yil iyun oyida chiqarilgan bo‘lib, unga ko‘ra xonanda va uning guruhi a’zolari 74 darra urish, ikki yil davomida mamlakatdan chiqishni taqiqlash hamda shu muddat ichida badiiy faoliyat bilan shug‘ullanishni cheklash jazolariga hukm qilingan.
Mazkur ish 2024 yil dekabr oyida internet orqali namoyish etilgan konsert bilan bog‘liq. Unda 29 yoshli Parastu Ahmadi hijobsiz holda yakkaxon qo‘shiq kuylagan. Uning chiqishi YouTube platformasida tarqatilib, qisqa vaqt ichida millionlab marta tomosha qilingan. Eron hukumati esa ushbu konsertni mamlakatning «qonuniy va madaniy me’yorlari»ga zid deb baholagan.
Gap 2024 yil 11 dekabr kuni internetga joylangan «Karvonsaroy konserti» haqida bormoqda. Parastu Ahmadi tarixiy Deyr-Gachin karvonsaroyida tasvirga olingan 27 daqiqalik videoda uzun qora ko‘ylakda, boshiga hijob o‘ramagan holda bir nechta qo‘shiqni ijro etgan. Uning yonida esa to‘rt nafar erkak musiqachi ham bo‘lgan.
Eron qonunchiligida ayollarning jamoat joylarida hijobsiz yurishi taqiqlangan. Shuningdek, mamlakatda ayollarning erkaklar ishtirokidagi jamoat konsertlarida yakkaxon tarzda qo‘shiq kuylashiga ham cheklovlar mavjud. Ahmadi va uning jamoasi aynan shu talablarni buzganlikda ayblangan.
Xonanda va uning jamoasi advokatlari apellyatsiya instansiyasidan avvalgi qarorni qayta ko‘rib chiqishni so‘ragan. Biroq sud himoya tomoni keltirgan dalil va vajlarni yetarli deb topmagan hamda alohida sud majlisi o‘tkazmasdan, avvalgi hukmni o‘z kuchida qoldirgan.
Shu bilan birga, inson huquqlari tashkilotlari xonanda va uning jamoasiga nisbatan belgilangan 74 darra jazosini keskin qoraladi. Huquq faollari bunday jazoni inson qadr-qimmatini kamsituvchi hamda qiynoqning bir shakli sifatida baholagan.
Ahmadi ishining yangi bosqichi Eronda majburiy hijob talablariga rioya qilmayotgan ayollarga nisbatan bosim kuchayib borayotgan davrga to‘g‘ri kelmoqda. 2022 yildagi ommaviy noroziliklardan keyin mamlakatda ko‘plab ayollar jamoat joylarida hijobsiz yurishni davom ettirmoqda.
Shu bilan birga, Eron sud tizimi rahbari G‘ulom Husayn Muhsini Ejeyi ham majburiy hijobga qarshi harakatlarga nisbatan yangi choralar ko‘rilishini talab qilgan.
Hozircha Parastu Ahmadi va uning jamoasiga nisbatan tayinlangan 74 darra jazosi qachon ijro etilishi haqida aniq ma’lumot berilmagan.






























Izohlar 0
…