
Yamaykada oktyabr oxirida kuch bilan yopirilgan asr bo‘roni — «Melissa» ortidan yuqumli va o‘ta xavfli leptospiroz kasalligi shiddat bilan avj ola boshladi. Reuters xabariga ko‘ra, tabiiy ofatdan keyin yuzaga kelgan epidemiologik vaziyat mamlakatni jiddiy tashvishga solmoqda.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu kasallik tufayli hozirgacha olti nafar inson halok bo‘lgan. Katta kuchga ega bo‘lgan 5-toifali «Melissa» bo‘roni 28-oktyabr kuni Karib dengizidagi orolga daxshatli kuch bilan tashlangan. Kuchli yomg‘irlar sabab 76 santimetrgacha suv yoyilib, ko‘lamli toshqinlar va kuchkilarni keltirib chiqargan. Mutaxassislar ta’kidlashicha, ayni shu ifloslangan suv hududlarda infeksiya tarqalishi uchun ideal sharoit yaratgan.
Yamayka Sog‘liqni saqlash vaziri Kristofer Tufton 21-noyabr kuni ma’lumot berib, 30-oktyabrdan 20-noyabrgacha bo‘lgan davrda to‘qqizta tasdiqlangan va yana 28 ta gumon qilingan holat qayd etilganini aytdi. Vazirning aytishicha, vaziyat tobora jiddiylashib bormoqda.
Leptospiroz sutemizuvchi hayvonlar, asosan kemiruvchilar peshobi bilan bulg‘unlangan suv yoki tuproq orqali yuqadi. Infeksiya inson tanasiga teridagi yaralar hamda ko‘z, og‘iz va burun shilliq qavatlari orqali kirishi mumkin.
Dastlab kasallik grippga o‘xshash belgilari — isitma, mushaklar og‘rig‘i, bosh og‘rig‘i bilan boshlanadi. Biroq vaqt o‘tishi bilan u og‘ir holatga o‘tib, buyrak yetishmovchiligi, jigar shikastlanishi, meningit yoki ichki qon ketishga ham olib kelishi mumkin.
«Epidemiya aynan bo‘rondan so‘ng boshlandi. Odamlar suv bosgan hududlarda iflos suv va tuproq bilan bevosita aloqada bo‘lgani infeksiya tarqalishini tezlashtirdi», — deya ta’kidladi Tufton matbuot anjumanida.
Qaysi toifalar yuqori xavf ostida?
Vazirlik quyidagi aholi qatlamlarini eng katta xavf guruhi sifatida qayd etdi:
• suv bosgan hududlarda yashayotgan aholi;
• dehqon va fermerlar;
• tozalash va qutqaruv ishlari bilan shug‘ullanuvchi xodimlar;
• favqulodda vaziyatlar xizmatlari;
• ofat oqibatlarini bartaraf etayotgan ko‘ngillilar.
Yamayka hukumati hisob-kitoblariga ko‘ra, «Melissa» to‘foni mamlakatga taxminan 10 milliard dollarga yaqin iqtisodiy zarar keltirgan. Bu mablag‘lar asosan turizm va qishloq xo‘jaligi sohalariga yetkazilgan talofatlar bilan bog‘liq bo‘lib, qariyb 200 mingta binoga turli darajada shikast yetgan.
Hozircha epidemiyaning qay darajagacha yoyilishi noma’lum, ammo hukumat barcha kuchni xavfni tizginlashga va odamlar salomatligini himoya qilishga yo‘naltirgan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.