date

Malayziyadagi yangi to‘fon 11 mingdan ortiq aholini qiyin ahvolga soldi

Malayziyadagi yangi to‘fon 11 mingdan ortiq aholini qiyin ahvolga soldi

Malayziyaning bir nechta hududlarida kecha va bugun kuzatilgan kuchli yomg‘irlar keskin suv toshqinlariga sabab bo‘lib, 11 mingdan ziyod fuqaroni og‘ir holatga tushirdi.

Ma’lum qilinishicha, mamlakatning sharqiy qirg‘oq qismida har yili oktyabrdan martgacha davom etuvchi musson mavsumi davomida shunday ko‘lamdagi toshqinlar tez-tez qayd etiladi. Har yili minglab odamlar xavfsizlik maqsadida vaqtincha boshpanalarga ko‘chiriladi.

Tabiiy ofatlarni boshqarish bo‘yicha milliy agentlik ma’lumotiga ko‘ra, 24-noyabr, dushanba kuni ertalabgi soat 06:00 (Toshkent vaqti bilan 03:00) holatigacha Kedah, Kelantan, Penang, Perak, Perlis, Terengganu va Selangor shtatlarida jami 3 839 oiladan 11 009 kishi jabrlandi.

Eng ko‘p zarar keltirilgan hudud — Tailand bilan chegaradosh bo‘lgan Kelantan shtati. Bu yerda 8 228 nafar aholi ofat ta’siriga uchragan. Jabrlanganlar uchun 60 ta ehtiyot boshpana tashkil etildi, ular orasida maktab, jamoat binolari va ibodatxonalar ham bor.

Bundan tashqari, 23-noyabr kuni Perlis shtati shimoli-g‘arbida joylashgan Van Kelian qishlog‘ida uzluksiz yomg‘ir tufayli ko‘chki sodir bo‘lib, qariyb 400 kishi muammoga duch keldi. Ularni vaqtincha baland hududdagi masjidlarga joylashtirishga to‘g‘ri keldi.

Eslatib o‘tamiz, yaqinda Indoneziyaning Markaziy Yava mintaqasida ham kuchli yog‘ingarchilik oqibatida yuz bergan ko‘chki katta fojiaga aylangan, 30 nafar kishi halok bo‘lgan, 40 nafarga yaqin inson bedarak yo‘qolgani ma’lum qilingandi.

Tabiiy ofatlar tez-tez takrorlanar ekan, Janubiy-Sharqiy Osiyoda xavfsizlik va ehtiyot choralariga bo‘lgan talab yanada kuchaymoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » Dunyo » Malayziyadagi yangi to‘fon 11 mingdan ortiq aholini qiyin ahvolga soldi