
Suriyaning sobiq prezidenti Bashar Asad so‘nggi bir yil davomida Moskvada yashab kelayotgani va bu yerda yana tibbiyot sohasiga qaytgani ma’lum bo‘ldi. The Guardian nashri Rossiya hamda Suriyadagi manbalariga tayanib yozishicha, Asad hozirda oftalmologiya bo‘yicha mashg‘ulotlarda qatnashmoqda va bu ishni moliyaviy ehtiyoj tufayli emas, balki shaxsiy qiziqishi sabab davom ettirmoqda.
Asadlar oilasiga yaqin bo‘lgan shaxsning ta’kidlashicha, urushdan oldin ham Bashar Asad Damashqda muntazam ravishda ko‘z kasalliklari sohasida ishlagan. «Bu uning haqiqiy ixlosi. U tibbiyotni hech qachon butunlay tark etmagan», — deydi suhbatdosh. Shu bilan birga, sobiq prezident rus tilini ham jiddiy o‘rganayotgani qayd etilmoqda.
Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, Asadlar oilasi moddiy jihatdan ta’minlangan holda yashamoqda, biroq Bashar Asadning o‘zi deyarli to‘liq ihotalangan. Unga na Suriya, na Rossiya elitasi vakillari bilan erkin muloqot qilishga ruxsat berilgan. «U tashqi dunyo bilan aloqani deyarli uzgan, faqat sanoqli shaxslar bilan gaplashadi», — deydi oilaga yaqin manba. Bu doirada prezident ishlari bo‘yicha sobiq vazir Mansur Azzam va sobiq iqtisodiy maslahatchi Yassar Ibrohim tilga olinadi.
Kremlga yaqin manbalardan biri The Guardian’ga ma’lum qilishicha, Rossiya prezidenti Vladimir Putin Asadni endi siyosiy ahamiyatga ega shaxs sifatida ko‘rmaydi. Moskvada uni na ta’sirli arbob, na nufuzli mehmon sifatida qabul qilishadi. Hatto «rasmiy kechki ovqatga taklif etiladigan shaxs» sifatida ham u qiziqish uyg‘otmaydi.
Oxirgi oylarda Asadlar oilasi jamoatchilik oldida juda kam ko‘rindi. Yagona e’tiborli holat — shu yil yozida 22 yoshli qizi Zeynning Moskva davlat xalqaro munosabatlar institutini tamomlashi bo‘ldi. Bitiruv marosimida Asma Asad va ikki o‘g‘li — Hafiz hamda Karim ishtirok etgan, biroq oila e’tibor markazida bo‘lishdan qochib, qisqa vaqtda tadbirni tark etgan.
Asadning farzandlari tez-tez Birlashgan Arab Amirliklariga borib turishadi. Avvaliga oila BAAga doimiy ko‘chib o‘tishni rejalashtirgan, ammo bu fikrdan voz kechishga to‘g‘ri kelgan. Nashr ta’kidlashicha, hatto BAA uchun ham Suriyaning sobiq rahbarini qabul qilish siyosiy jihatdan noqulay bo‘lar edi.
Ma’lum qilinishicha, Asad Rossiyaga kelganidan keyingi dastlabki oylarda asosiy e’tiborini leykemiya tashxisi qo‘yilgan rafiqasi Asmaning sog‘lig‘iga qaratgan. U Moskvada eksperimental terapiyadan o‘tganidan so‘ng o‘zini yaxshiroq his qila boshlagan.
The Guardian yozishicha, endilikda Bashar Asad OAV orqali Suriyadagi voqealar bo‘yicha o‘z nuqtayi nazarini bayon etish niyatida. U Rossiyaning RT kanali va ayrim amerikalik podkastchilar bilan suhbat o‘tkazishga kelishgan, biroq bu intervyular Rossiya hukumatining ruxsatiga bog‘liq holda kutilmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.