
Qirg‘iziston Respublikasining sobiq prezidenti Almazbek Atambayev barcha davlat mukofotlaridan rasman mahrum etildi. Tegishli farmon mamlakat prezidenti Sadir Japarov tomonidan imzolandi.
Prezident administratsiyasi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, ushbu qaror 2025 yil 3 iyun kuni Bishkek shahrining Pervomay tuman sudi tomonidan chiqarilgan hukmga asoslangan. Farmon Qirg‘iziston Konstitutsiyasi hamda “Qirg‘iziston Respublikasining davlat mukofotlari, faxriy unvonlari va mukofot pullari to‘g‘risida”gi qonun talablari asosida qabul qilingan.
Hujjatga muvofiq, Almazbek Atambayev quyidagi mukofotlardan mahrum qilindi:
— “Qirg‘iziston Respublikasining Qahramoni” oliy unvoni;
— II darajali “Manas” ordeni;
— “Danaker” ordeni;
— “Dank” medali.
Shuningdek, 1999–2017 yillar oralig‘ida mazkur mukofotlarni berish bo‘yicha chiqarilgan bir qator prezident farmonlari ham o‘z kuchini yo‘qotgan deb topildi.
Mazkur qaror Qirg‘izistonda sobiq yuqori martabali amaldorlarning huquqiy javobgarligi masalasida muhim harakat sifatida baholanmoqda. Kelgusida ushbu ish atrofida siyosiy va jamoatchilik muhokamalari davom etishi kutilmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.