APLda kutilmagan holat: Sentyabrning barcha sovrinlarini birgina klub ilib ketdi

APLda kutilmagan holat: Sentyabrning barcha sovrinlarini birgina klub ilib ketdi
QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
  • Angliya Premer-ligasida sentyabr oyining eng yaxshi futbolchisi deb topilgan 35 yoshli Paskal Gross «Brayton»ning mag‘lubiyatsiz seriyasiga hissa qo‘shdi.
  • «Brayton» bosh murabbiyi Fabian Hurzeler ham oy murabbiyi sovrinini qo‘lga kiritib, jamoasi bilan 3 ta o‘yinda 2 g‘alaba va 1 durang qayd etdi.
  • Shuningdek, «Brayton» sardori Lyuis Dankning «Koventri» darvozasiga urgan goli oyning eng chiroyli goli deb topildi.

Angliya Premer-ligasida sentyabr oyining eng yaxshilari e’lon qilindi. Barcha asosiy nominatsiyalarda «Brayton» vakillari mutlaq g‘oliblikni qo‘lga kiritib, haqiqiy benefis o‘tkazdi.

«Chaykalar»ning 35 yoshli tajribali yarimhimoyachisi Paskal Gross sentyabr oyining eng yaxshi futbolchisi deb topildi. Nemis yarimhimoyachisi o‘tgan oyda 3 ta bahsda maydonga tushib, 2 ta gol urdi hamda 3 ta golli pas muallifiga aylandi va jamoasining mag‘lubiyatsiz seriyasiga bosh sababchi bo‘ldi.

Tarixiy natija va rekordchilar qatori

Paskal Gross sovrin uchun kurashda Muhammad Bellumi («Hall»), Jeyden Bogl («Lids»), Aleksander Isak va Jeremi Jake («Liverpul»), jamoadoshi Xaralampos Kostulas, Kevin Shade («Brentford») hamda Antuan Semenyoni («Manchester Siti») ortda qoldirdi.

Shuningdek, Gross APL tarixida ushbu sovrinni 35 yoshdan oshgan holda yutgan sanoqli futbolchilar qatoriga kirdi. Undan kattaroq yoshda mazkur sovringa erishgan atigi 5 nafar yulduz bor:

  • Styuart Pirs — 38 yosh, 10 oy

  • Teddi Sheringhem — 38 yosh, 6 oy

  • Krishtianu Ronaldu — 37 yosh, 2 oy

  • Janfranko Dzola — 36 yosh, 3 oy

  • Pol Skoulz — 35 yosh, 9 oy

Hurzeler — oyning eng yaxshi murabbiyi

«Brayton» bosh murabbiyi Fabian Hurzeler esa APLda oy murabbiyi deb e’tirof etildi. 33 yoshli nemis mutaxassisi qo‘l ostida klub 3 ta uchrashuvda 2 g‘alaba va 1 durang qayd etib, «+8» to‘plar nisbatini ko‘rsatdi. Hurzeler ovoz berishda Andoni Iraola («Liverpul») va Enso Mareskani («Manchester Siti») ortda qoldirdi. Bu uning faoliyatidagi ikkinchi shunday e’tirof bo‘ldi (ilk bor 2024 yil avgust oyida qo‘lga kiritgan).

Bundan tashqari, oyning eng chiroyli goli muallifi ham «Brayton»dan bo‘ldi — jamoa sardori Lyuis Dankning «Koventri» darvozasiga (5:0) yo‘llagan zarbasi tengsiz deb topildi.

Izohlar 0

…

Mavzuga oid yangiliklar