date

Tayvan tuguni: nega AQSH va Xitoy shu yerda to‘qnashadi?

Tayvan tuguni: nega AQSH va Xitoy shu yerda to‘qnashadi?

Bir necha o‘n yillardan beri Tayvan bo‘g‘ozi dunyo geosiyosatida eng hassos nuqtalardan biri bo‘lib kelyapti. G‘arbiy Tinch okeanida aynan shu hududda AQSH va Xitoy manfaatlari ochiq va bevosita to‘qnashadi. Savol tabiiy: nima uchun aynan Tayvan ikki yirik derjava raqobatida bunchalik hal qiluvchi ahamiyatga ega?

Ikkiyuzlamachi siyosat va «qizil chiziqlar»

Vashington rasman «yagona Xitoy» tamoyiliga amal qiladi va Pekinni yagona qonuniy hukumat sifatida tan oladi. Biroq shu bilan birga, Tayvan bilan harbiy-siyosiy hamkorlikni saqlab qolib, orolning o‘zini himoya qilish imkoniyatlarini kuchaytirib keladi. Pekin esa Tayvanni «isyonkor hudud» deb hisoblaydi va uning mustaqillikka oid har qanday qadamini suverenitetga tahdid sifatida qabul qiladi. Shu bois AQSHning Tayvanni qo‘llab-quvvatlovchi har bir bayonoti Xitoy tomonidan «qizil chiziq»dan o‘tish deb baholanadi.

Yil oxirida vaziyat yanada qizidi: AQSH ma’muriyati Tayvanga yirik hajmda qurol-yarog‘ yetkazib berish rejasini ma’qulladi, Pekin esa bunga javoban sanksiyalar va keng ko‘lamli harbiy mashqlar bilan javob qaytardi. Bu esa raqobatning faqat diplomatik emas, balki kuch omiliga tayanayotganini ko‘rsatdi.

Dengiz yo‘llari va iqtisodiy «tomirlar»

Geoiqtisodiy nuqtayi nazardan Tayvan Xitoy uchun hayotiy ahamiyatga ega. Zamonaviy Xitoy — dengiz savdosiga qattiq bog‘langan yirik industrial derjava. Oziq-ovqat, energiya, xomashyo importi va tayyor mahsulotlar eksportining katta qismi aynan dengiz yo‘llari orqali amalga oshadi.

Tayvan bo‘g‘ozi esa Osiyo bilan Yevropa va Amerika o‘rtasidagi eng muhim savdo koridorlaridan biri. Shanxay, Shenchjen, Ningbo kabi ulkan portlar shu hududga yaqin joylashgan. Ushbu yo‘l ustidan nazorat Xitoyga iqtisodiy xavfsizlik va harbiy jihatdan strategik ustunlik beradi.

Mikrochiplar uchun global kurash

Tayvanning ahamiyati faqat dengizlar bilan cheklanib qolmaydi. Orol jahon mikrochip sanoatining markazi hisoblanadi. Tayvanda joylashgan yetakchi kompaniyalar dunyo yarimo‘tkazgichlarining katta qismini ishlab chiqaradi. Zamonaviy qurol-yarog‘, sun’iy intellekt, avtomobilsozlik va elektronika aynan shu texnologiyalarga bog‘liq.

Shu sabab Tayvan ustidan nazorat o‘rnatish AQSH va Xitoy o‘rtasidagi texnologik yetakchilik kurashida hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi. Kim mikrochiplar zanjirini nazorat qilsa, u kelajak sanoati va harbiy texnologiyalarda ustunlikka ega bo‘ladi.

Demokratiya va mafkuraviy front

Tayvan aholisining katta qismi Pekin bilan qayta birlashishni istamaydi. Orolda shakllangan demokratiya Xitoy kommunistik tizimiga mutlaqo zid. Gonkong misoli esa «bir davlat — ikki tizim» modeliga ishonchni yo‘qqa chiqardi.

AQSH uchun esa Tayvan — demokratiyani himoya qilish ramzi. Uni yo‘qotish Vashingtonning butun Osiyodagi ishonchini susaytiradi, ittifoqchilarni shubhaga soladi va Xitoyga mintaqada qo‘shimcha bosim o‘tkazish imkonini beradi.

Xulosa o‘rnida

Tayvan masalasi — bu oddiy orol taqdiri emas. U dengiz yo‘llari, texnologiyalar, mafkura va geosiyosiy ta’sir uchun kurash tugunidir. Shu sabab AQSH va Xitoy o‘rtasidagi har qanday keskinlik aynan shu hududda eng xavfli tus oladi. Tayvan atrofidagi vaziyat esa yaqin yillarda ham jahon siyosatining markazida qolishi tayin.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » Dunyo » Tayvan tuguni: nega AQSH va Xitoy shu yerda to‘qnashadi?