date

Odessaga yangi dron hujumi: tinch aholi yana jabr ko‘rdi

Odessaga yangi dron hujumi: tinch aholi yana jabr ko‘rdi

31 dekabrga o‘tar kechasi va tong paytida Rossiya harbiylari Odessa shahriga navbatdagi dronlar hujumini amalga oshirdi. Mahalliy rasmiylar hamda qutqaruv xizmatlari ma’lum qilishicha, asosiy zarbalar energetika infratuzilmasi obyektlariga qaratilgan. Shu bilan birga, uchuvchisiz uchoqlardan biri to‘qqiz qavatli turar joy binosiga borib urilgan. Oqibatda olti nafar fuqaro, jumladan, uch nafar bola turli darajada tan jarohati olgan.

Ukraina Favqulodda vaziyatlar davlat xizmati tunda dron turar joy binosiga kelib urilishi natijasida 2-qavatdan 6-qavatgacha bo‘lgan xonadonlarda kuchli yong‘in chiqqanini tasdiqladi. Qutqaruvchilar tomonidan tezkor choralar ko‘rilgan bo‘lsa-da, yong‘in binoga jiddiy zarar yetkazgan.

Hujum paytida yana bir nechta ko‘p qavatli uylarning fasadlari va oynalari shikastlangan, atrofda to‘xtab turgan bir necha avtomobillar esa butunlay yonib ketgan. Odessa viloyati ma’muriyati rahbari Sergey Lisak yarim tunda jabrlanganlar orasida 7 oylik chaqaloq ham borligini, shuningdek, 8 va 14 yoshli bolalar jarohat olganini ma’lum qildi.

Tong otgach, shifokorlar va qutqaruvchilar aniqlik kiritib, hujum paytida bir oilaning barcha a’zolari — ota, ona va ikki farzand jabrlanganini bildirdi. Mahalliy Telegram-kanallar yozishicha, 42 yoshli ota og‘ir kuyish jarohatlari bilan reanimatsiyaga yotqizilgan. 38 yoshli onada ham kuyish izlari, yopiq bosh miya jarohati va sinishlar qayd etilgan. 14 yoshli o‘g‘il va 8 yoshli qiz esa o‘rtacha og‘ir ahvolda shifoxonada qolmoqda.

Ertalab soat to‘qqizlar atrofida Sergey Lisak hujum oqibatida Odessaning ayrim hududlarida yana elektr ta’minoti uzilganini ma’lum qildi. Uning aytishicha, muhim infratuzilma obyektlarida tiklash ishlari davom etmoqda, shu sababli aholining bir qismi vaqtincha suv va issiqlik ta’minotisiz qolgan.

Shu kuni ertalab «Nova poshta» kompaniyasi Odessadagi saralash terminali hovlisiga dron parchalari tushganini xabar qildi. Jabrlanganlar bo‘lmadi, ammo qiymati taxminan 2,3 million grivna (60 ming dollar) bo‘lgan jo‘natmalar ortilgan yuk mashinasi yonib ketdi.

Monitoring Telegram-kanallari dengiz tomondan Odessa viloyatiga yangi dronlar uchib kirganini ma’lum qildi. Havo trevogasi mahalliy vaqt bilan soat to‘qqizlardagina bekor qilingan bo‘lsa-da, soat o‘n bir yarimlarda yana qayta e’lon qilindi — dengiz uzra navbatdagi dronlar aniqlangan.

Ma’lum bo‘lishicha, Rossiya dronlari o‘sha tun faqatgina Odessaga emas, balki Ukrainaning boshqa viloyatlariga ham hujum qilgan. Ukraina harbiy-havo kuchlari ma’lumotiga ko‘ra, Rossiya tomonidan kechqurun, tun va tong davomida janub va shimol yo‘nalishlaridan jami 127 ta zarbdor dron uchirilgan. Ulardan 101 tasi havodayoq urib tushirilgan.

Harbiy-havo kuchlari matbuot xizmati qo‘shimcha qilishicha, 11 ta hududda 20 ta zarbdor uchuvchisiz apparatning yerga yetib kelgan zarbalari qayd etilgan. Hujumlar Ukraina shaharlari uchun yana bir og‘ir tunga aylandi, tinch aholi esa navbatdagi Yangi yilni xavf va beqarorlik sharoitida qarshi oldi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » Dunyo » Odessaga yangi dron hujumi: tinch aholi yana jabr ko‘rdi