Avstraliyada yonib ketgan hududdan inson qoldiqlari topildi

Avstraliyaning janubi-sharqiy hududlarida davom etayotgan kuchli o‘rmon yong‘inlari oqibatida inson qoldiqlari topildi. Viktoriya shtati politsiyasining ma’lum qilishicha, qoldiqlar Longvud shaharchasi yaqinida, avtomobil yonidan aniqlangan. Hozircha marhum shaxsning kimligi aniqlanmagan, voqea yuzasidan tergov ishlari olib borilmoqda.
Bir necha kundan buyon davom etayotgan yong‘inlar jazirama issiq va quruq ob-havo sababli tez tarqalmoqda. Viktoriya shtatida 350 ming gektardan ortiq yer maydoni yonib ketgan, 300 dan ziyod uy va boshqa inshootlar vayron bo‘lgan. Minglab xonadonlar elektr ta’minotisiz qolgan.
Rasmiylar ushbu yong‘inlarni 2019–2020 yillardagi “Qora yoz”dan keyingi eng yirik falokatlardan biri sifatida baholamoqda. Hozirda shtat bo‘ylab 30 dan ortiq yong‘in faol holatda. Yong‘in tutuni Melburn shahrini ham qamrab olib, havo sifatiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Avstraliya bosh vaziri Entoni Albanese yong‘indan zarar ko‘rgan aholiga va fermerlarga moliyaviy yordam ko‘rsatilishini ma’lum qildi. Minglab o‘t o‘chiruvchilar va o‘nlab samolyotlar yong‘inlarni o‘chirishga jalb etilgan. Rasmiylar aholini xavfsizlik qoidalariga qat’iy amal qilishga chaqirmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!