date

Dubayda ushlangan gumonlanuvchi: Moskvadagi suiqasdning yangi tafsilotlari

Dubayda ushlangan gumonlanuvchi: Moskvadagi suiqasdning yangi tafsilotlari

Birlashgan Arab Amirliklarining Dubay shahrida RF qurolli kuchlari Bosh shtabi Bosh boshqarmasi rahbariyatidagi yuqori lavozimli general-leytenant Vladimir Alekseevga uyushtirilgan suiqasd ishi bo‘yicha asosiy gumonlanuvchi qo‘lga olindi. Bu haqda Interfaks Rossiya Federal xavfsizlik xizmati ma’lumotlariga tayanib xabar tarqatdi.

Maxsus xizmatlar ta’kidlashicha, Dubayda qo‘lga olingan shaxs — Rossiya fuqarosi, 66 yoshli Lyubomir Korbadir. U suiqasdning to‘g‘ridan to‘g‘ri ijrochisi sifatida ko‘rilmoqda. Bayonotga ko‘ra, BAA huquq-tartibot idoralari gumonlanuvchini Rossiya tomoniga topshirgan.

Ish doirasida Moskvada ham yana bir shaxs — 1959-yilda tug‘ilgan Viktor Vasin qo‘lga olingani aytildi. Shuningdek, 1971-yilda tug‘ilgan Zinaida Serebritskaya ushbu voqeaga aloqadorlikda gumon qilinayotgani, maxsus xizmatlar talqiniga ko‘ra, u Ukrainaga chiqib ketishga ulgurgani qayd etildi. Rasmiylar bu shaxslarni ijrochining ehtimoliy sheriklari sifatida tilga olgan.

Tergov versiyasida aytilishicha, gumonlanuvchi 1960-yilda Ternopil viloyatida tug‘ilgan va 2025-yil dekabr oyida Moskvaga kelgan. Rossiya Tergov qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, u Ukraina maxsus xizmatlarining topshirig‘i bilan terakt tashkil etish maqsadida harakat qilgan, deb gumon qilinmoqda. Vasinga nisbatan esa qurol-yarog‘ning noqonuniy muomalasi hamda harbiy xizmatchining hayotiga tajovuz qilish moddalari bo‘yicha ayblovlar e’lon qilingani bildirildi.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, generalga suiqasd 6-fevral tongida, Volokolamskoye shosse atrofidagi uyi oldida sodir etilgan. Kommersantning huquq-tartibot idoralariga yaqin manbalariga ko‘ra, hodisa ertalabki soat yettilar atrofida ro‘y bergan: general ko‘chada kutayotgan xizmat mashinasi tomon chiqqanda, podyezd oldida o‘zini “uyga ovqat yetkazib berish xodimi” qilib ko‘rsatgan shaxs bilan to‘qnash kelgan. Manba talqinida generalning qo‘l-oyoqlaridan yaralangani, qurolni tortib olishga uringanda ko‘krak qismiga ham o‘q teggani aytilgan.

Shu bilan birga, nashr manbalari harbiy mulozimning faol qarshiligi hujumkorga rejani oxirigacha yetkazish imkonini bermaganini qayd etadi. Oqibatda general og‘ir ahvolda shifoxonaga yotqizilgan, 7-fevral kuni esa jarrohlik amaliyotidan keyin o‘ziga kelgani xabar qilingan.

Voqeaga siyosiy-diplomatik munosabatlar ham yangradi. Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov suiqasdni “muzokaralar jarayonini izdan chiqarishga qaratilgan provokatsiyalar” kontekstida tilga olgan. Ukraina tashqi ishlar vaziri Andrey Sibiga esa Kiyevning bu ishga aloqadorligi haqidagi ayblovlarni rad etgan.

Hozircha ishning barcha tafsilotlari tergov doirasida aniqlashtirilmoqda. Ammo bir narsa ochiq: hodisa nafaqat xavfsizlik xizmatlari kun tartibini, balki mintaqaviy siyosiy tartibotni ham yanada keskinlashtirishi mumkin.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » Dunyo » Dubayda ushlangan gumonlanuvchi: Moskvadagi suiqasdning yangi tafsilotlari