Onasiz qolgan maymun bolasi internet yulduziga aylanmoqda...

Ijtimoiy tarmoqlarda ko‘ngilni bir vaqtning o‘zida ham ezadigan, ham umid uyg‘otadigan video tezlik bilan tarqalmoqda. Kadrlarda onasi o‘rniga yumshoq o‘yinchoqni “ona” qilib olgan kichik makaka — Panch ko‘rinadi.
Gap Yaponiyaning Itikava shahridagi hayvonot bog‘i haqida ketyapti. Panch olti oylik. U tug‘ilganidan keyin onasi tomonidan tashlab ketilgani aytilmoqda. Shu sabab, avval boshida hayvonot bog‘i xodimlari uni o‘zlari parvarishlagan, keyin esa boshqa maymunlar yashaydigan volerga o‘tkazishgan.
Biroq bu yerdagi to‘da Panchni darrov qabul qilmagan. Kichik makaka uchun bu og‘ir sinov edi: yangi muhit, yangi qoidalar, ustiga-ustak “o‘ziniki” deb bilinmaslik hissi. Ana shunda xodimlar unga IKEA tomonidan ishlab chiqarilgan orangutan shaklidagi yumshoq o‘yinchoqni sovg‘a qilishadi. Va Panch shu o‘yinchoqni qayerga borsa ham qo‘ymay, bag‘riga bosgancha olib yura boshlaydi.

Virusga aylangan videolardan birida to‘dadagi katta yoshli maymunlardan biri Panchga tajovuz qiladi: uni sudraydi, hujum qiladi. Panch esa qiyinchilik bilan qutulib, chinqirgancha yana o‘sha o‘yinchog‘i tomon yuguradi. Go‘yo shu “yumshoq do‘st” uning yagona tasallisi, yagona xotirjamligiday…
Lekin voqeaning ikkinchi qismi odamni biroz yengil torttiradi. Keyinroq katta yoshli boshqa bir maymun Panchni o‘z himoyasiga olib, uni bag‘riga mahkam bosgancha, bitlarini tera boshlagani tasvirlangan. Ya’ni to‘dada ham hali-hanuz mehr bor. Shuningdek, tengdosh maymunlardan biri Panch bilan yaqinlashib, quvlashmachoq o‘ynashgani ham ko‘riladi.
Hayvonot bog‘i xodimlari ta’kidlashicha, ayrim maymunlar o‘rtasida vaqt-vaqti bilan tajovuz kuzatilishi makakalar uchun oddiy holat. Eng muhimi, Panchni boshqa volerga “ko‘chirib qo‘yish” ham yechim emas: makakalar yakka holda yashay olmaydi. U to‘daga sekin-asta, bosqichma-bosqich qo‘shilishi kerak.

Panch aks etgan kadrlar keng tarqalganidan keyin, ko‘plab odamlar uni o‘z ko‘zi bilan ko‘rish uchun hayvonot bog‘iga borishni boshlagan. Ijtimoiy tarmoqlarda esa HangInTherePunch (“Bardam bo‘l, Panch”) heshtegi ostida minglab qo‘llab-quvvatlovchi izohlar yog‘ilmoqda.
Qizig‘i, IKEA kompaniyasining Yaponiyadagi bo‘limi prezidenti Petra Fare ham hayvonot bog‘iga tashrif buyurib, Panchga yumshoq o‘yinchoqlar to‘plamini sovg‘a qilgani ma’lum qilindi.
Hozircha Panchning hayoti “bir kunda o‘zgarib ketadi” deyish qiyin. Ammo shu narsa aniq: u yolg‘iz emas. Unga yordam berayotgan insonlar ham bor, to‘da ichida mehribon qo‘llar ham topilyapti. Eng muhimi — Panch sekin-asta ishona boshlayapti.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!