AQSh harbiylari Eron maktabini nishonga olgan bo'lishi mumkin

Eronning Minab shahrida joylashgan qizlar maktabiga berilgan raketa zarbasi xalqaro hamjamiyatda katta shov-shuvlarga sabab bo'lmoqda. Reuters agentligining ikki nafar amerikalik rasmiyga tayanib xabar berishicha, ushbu hujum ortida AQSh harbiylari turgan bo'lishi ehtimoli o'rganilmoqda. Hozircha bu dastlabki xulosalar bo'lib, tergov jarayoni yakuniga yetmagan. Mutaxassislar kelgusida yangi dalillar paydo bo'lishi va vaziyat o'zgarishi mumkinligini istisno etmayapti.
AQSh rasmiylari hujumda qanday qurol-yarog' ishlatilgani yoki nima uchun aynan maktab nishonga olingani haqida aniq ma'lumot bermadi. Biroq The New York Times nashri vaziyatga oydinlik kiritib, Amerika harbiy-havo kuchlari aslida Islom inqilobi posbonlari korpusi bazasini nishonga olgan bo'lishi mumkinligini yozdi. Ehtimol, texnik xatolik yoki noto'g'ri koordinatalar tufayli zarba maktab binosiga kelib tushgan.
AQSh Mudofaa vazirligi hozircha faqat voqea yuzasidan tekshiruvlar olib borilayotganini tasdiqladi. Eron rasmiy manbalarining ma'lum qilishicha, 28 fevral kuni sodir bo'lgan ushbu mudhish hodisa oqibatida 165 nafar inson halok bo'lgan. Dunyo hamjamiyati mazkur fojia yuzasidan aniq va shaffof tergov o'tkazilishini talab qilmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!