Kechki ovqat uchun so‘yilgan o‘rdak ichidan 1700 dollarlik oltin chiqdi

Xitoyda sodir bo‘lgan kutilmagan bir voqea ko‘pchilikni hayratga soldi. Hunan provinsiyasida yashovchi, Liu familiyasi bilan tanilgan erkak kechki ovqat uchun o‘zi parvarishlagan o‘rdakni so‘yib, uni tozalayotgan paytda oshqozon ichida yaltirab turgan zarrachalarni payqab qoldi. Keyin ma’lum bo‘lishicha, bu oddiy jismlar emas, balki qiymati taxminan 12 ming yuan, ya’ni qariyb 1740 dollarga teng bo‘lgan oltin zarrachalari bo‘lishi mumkin.
Dastlab Liu bu narsalarni mayda tosh yoki metall bo‘laklari deb o‘ylagan. Ammo ularning g‘alati yaltirashi unda shubha uyg‘otgan. Mahalliy xabarlarga ko‘ra, topilgan zarrachalarning umumiy og‘irligi qariyb 10 grammni tashkil etgan. Erkak ularning haqiqiyligini tekshirish uchun eng oddiy usullardan biriga qo‘l urgan — olovda qizdirib ko‘rgan. Zarrachalar rangini o‘zgartirmagach, u bu haqiqatan ham oltin bo‘lishi mumkin degan xulosaga kelgan.
Biroq hozircha bu topilma rasman to‘liq tasdiqlangani yo‘q. Longhui hududidagi tabiiy resurslar idorasi mutaxassislar qo‘shimcha ekspertiza o‘tkazishi kerakligini bildirgan. Ya’ni voqea juda qiziqarli ko‘rinsa-da, rasmiy xulosa chiqarish uchun yana tekshiruv zarur. Qisqasi, hozircha “o‘rdakdan oltin chiqdi” degan gap sensatsiya darajasida turibdi.
Mutaxassislar bu holatni mutlaqo g‘ayritabiiy deb hisoblamayapti. Chunki Hunan provinsiyasi mineral boyliklari bilan mashhur hududlardan biri sanaladi. Atrofdagi daryo cho‘kindilarida tabiiy oltin zarrachalari uchrashi mumkinligi aytilmoqda. Bundan tashqari, 2024 yilda Hunanning Pinjiang tumanida joylashgan Vangu koni atrofida 300 tonnadan ortiq oltin zaxirasi aniqlangani, chuqur qatlamlarda esa 1000 tonnadan ziyod qimmatbaho metall bo‘lishi mumkinligi haqida xabarlar tarqalgan edi.
Ehtimolga ko‘ra, o‘rdak daryo bo‘ylarida va loyqa joylarda ozuqa izlab yurgan paytda qum, mayda toshlar va turli zarrachalar bilan birga oltin bo‘laklarini ham yutib yuborgan. Vaqt o‘tishi bilan ular qushning oshqozonida to‘planib qolgan bo‘lishi mumkin.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!