date

1 oktyabr Xalqaro qahva kuni: Nyu-Yorkda rasman tasdiqlandi

1 oktyabr Xalqaro qahva kuni: Nyu-Yorkda rasman tasdiqlandi

BMT Bosh Assambleyasi 1 oktyabrni Xalqaro qahva kuni sifatida belgilash haqidagi rezolyutsiyani Nyu-Yorkda ma’qulladi. Hujjatga Belarus, Qirg‘iziston, Turkmaniston va O‘zbekistonni qo‘shganda o‘nlab davlatlar hammualliflik qilgani aytilmoqda.

Rezolyutsiyada qahva yetishtirish va qayta ishlash zanjiri bir qator Barqaror rivojlanish maqsadlariga xizmat qilishi alohida qayd etilgan: ochlikka qarshi kurash, o‘ta qashshoqlikni qisqartirish, ayollar huquq va imkoniyatlarini kengaytirish, munosib mehnat va iqtisodiy o‘sishni qo‘llab-quvvatlash.

BMT Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti FAO bosh direktori Syuy Dunyuy bu qarorning ma’nosini sodda qilib aytdi: qahva — shunchaki ichimlik emas, u “dondan tortib piyolagacha” butun dunyo savdosining bir bo‘lagi, millionlab fermer xo‘jaliklariga tirikchilik manbai, qishloq jamoalarini global bozorlar bilan bog‘laydigan ko‘prik.

Qahvaga qiziqish ham yil sayin o‘sib boryapti. Oxirgi o‘n yilda dunyo bo‘ylab aholi jon boshiga iste’mol o‘rtacha yiliga 1,2 foiz atrofida oshgani, tarmoq esa qariyb 25 million fermerga daromad keltirayotgani ta’kidlanadi. Bundan tashqari, qo‘shilgan qiymat zanjirining har bir bosqichida — yetishtirish, qayta ishlash, logistika, qovurish, servis — yangi ish o‘rinlari paydo bo‘ladi.

Sanoatning o‘lchami esa juda katta: global qahva industriyasi yiliga 200 milliard dollardan ortiq tushum keltirishi qayd etilgan. Qahva hali ham dunyoda eng faol sotiladigan mahsulotlardan biri bo‘lib turibdi: 2024 yilda jahon ishlab chiqarishi 11 million tonnadan oshgan, shundan taxminan 8 million tonna qahva donlari xalqaro bozorlarga chiqarilgan. O‘sha yili ishlab chiqarish qiymati qariyb 25 milliard dollarga, eksport hajmi esa taxminan 34 milliard dollarga baholangan.

2024 yil natijalariga ko‘ra, eng yirik eksportchilar sifatida Braziliya va Vetnam tilga olingan, eng katta importchilar esa Yevropa Ittifoqi hamda AQSH bo‘lgan.

Qisqasi, BMTning bu qaroridan maqsad faqat “bayram qilish” emas — qahva ortidagi mehnatni, qishloq jamoalarini, adolatli qiymat zanjirini va barqaror ishlab chiqarishni ko‘proq ko‘rsatish. Ya’ni, ertalabgi bir piyola qahvaning ortida butun bir iqtisod va millionlab oilalarning hayoti bor — endi bu haqiqat xalqaro darajada ham rasman e’tirof etildi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » Dunyo » 1 oktyabr Xalqaro qahva kuni: Nyu-Yorkda rasman tasdiqlandi