Eron mojarosi fonida Hindistonda go‘ngga talab keskin oshdi

Eron atrofidagi keskin vaziyat ortidan yuzaga kelgan gaz tanqisligi Hindistonda noodatiy holatni yuzaga chiqardi. Energiya ta’minotidagi uzilishlar fonida mamlakatda muqobil yoqilg‘i manbalariga bo‘lgan talab keskin oshib bormoqda.
Xususan, Hindistonda qoramol go‘ngiga bo‘lgan ehtiyoj sezilarli darajada ortgani qayd etilmoqda. Bu esa aholining an’anaviy va arzon energiya manbalariga murojaat qilayotganini ko‘rsatadi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Hormuz bo‘g‘ozi orqali yuk tashuvchi kemalarning harakati sekinlashgani yoki ayrim holatlarda to‘xtab qolishi global energiya ta’minotiga jiddiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Bu esa, o‘z navbatida, gaz va neft narxlarining oshishiga olib kelmoqda.
Hindiston esa suyultirilgan tabiiy gazning qariyb 50 foizini aynan ushbu strategik yo‘nalish orqali import qiladi. Shu sababli mintaqadagi har qanday beqarorlik mamlakatning energiya xavfsizligiga bevosita ta’sir ko‘rsatmoqda.
Mutaxassislar fikricha, bunday sharoitda muqobil energiya manbalariga talab ortishi tabiiy hol hisoblanadi. Qoramol go‘ngi esa qishloq hududlarida keng qo‘llaniladigan biogaz ishlab chiqarish uchun muhim xomashyo hisoblanadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!