Polshalik erkak haydovchilik guvohnomasini olish uchun 139 marta imtihon topshirdi

Polshaning Tarnuv shahrida yashovchi fuqaro haydovchilik guvohnomasi olish uchun nazariy imtihonni 139-urinishda topshirib, noyob rekord o‘rnatdi. Bu haqda “RIA Novosti” agentligiga Kichik Polsha yo‘l harakati markazi vakili ma’lum qildi.
“Yaqinda Tarnuv shahri fuqarolaridan biri haydovchilik guvohnomasi uchun nazariy imtihonni muvaffaqiyatli topshirdi. U butun Polsha bo‘yicha o‘ziga xos rekordni qayd etdi, chunki avvalgi 138 ta urinishi muvaffaqiyatsiz yakunlangan edi”, dedi agentlik manbasi.
Ma’lumotga ko‘ra, nomzod bu jarayonni to‘qqiz yil davomida olib borgan. “Ilk marta 2017 yilda imtihonga kirgan va bir necha yil mobaynida uni muntazam qayta topshirib kelgan”, deya qo‘shimcha qildi Kichik Polsha yo‘l harakati markazi vakili.
Qizig‘i shundaki, nomzod jiddiy tayyorgarlik ko‘rganiga qaramay, tayyorlangan materiallar to‘liq emasligi sababli imtihonda muvaffaqiyatga erisholmagan. “Ma’lum bo‘lishicha, u uzoq vaqt davomida to‘liq bo‘lmagan o‘quv materiallari bilan mashg‘ul bo‘lgan va imtihon savollarining barchasini o‘z ichiga olmaydigan demo-testlardan foydalangan”, dedi manba.
Ta’kidlanishicha, erkak to‘liq imtihon dasturiga ega bo‘lganidan so‘ng natijalari sezilarli darajada yaxshilandi va nihoyat, nazariy qismini muvaffaqiyatli topshirdi. Hozir esa u amaliy imtihon uchun ro‘yxatga olingan. Markaz xodimi uning haydovchilik guvohnomasini olish jarayonini muvaffaqiyatli yakunlaydi deb umid bildirdi.