Isroil Eron sanoatiga zarba berdi: 70 foiz quvvat yo‘q qilindi

Isroil bosh vaziri Benyamin Netanyahu Eron sanoatiga qarshi amalga oshirilgan so‘nggi zarbalar haqida bayonot berdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, hujumlar natijasida Eronning po‘lat ishlab chiqarish quvvatining katta qismi yo‘q qilingan.
Netanyahu ta’kidlashicha, ushbu operatsiyalar strategik ahamiyatga ega bo‘lib, mamlakatning iqtisodiy infratuzilmasiga jiddiy ta’sir ko‘rsatgan. “Eronning po‘lat sanoati quvvatining taxminan 70 foizi izdan chiqarildi”, — dedi u.
Shu bilan birga, Isroil rahbari hujumlar faqat po‘lat sanoati bilan cheklanmaganini ham ma’lum qildi. Uning aytishicha, neft-kimyo korxonalari ham nishonga olingan.
“Biz bugun Eronning neft-kimyo zavodlariga zarba berdik. Bu yo‘nalishdagi harakatlarimiz davom etadi”, — deya qo‘shimcha qildi bosh vazir.
Mutaxassislar fikricha, bunday zarbalar Eronning sanoat salohiyatiga jiddiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Shu bilan birga, bu holat Yaqin Sharqdagi vaziyatni yanada taranglashtirishi va tomonlar o‘rtasidagi qarama-qarshilikni kuchaytirishi ehtimoldan xoli emas.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!