Xitoy Eronni qurollantirmoqdami: AQSH razvedkasi ogohlantirdi

Yaqin Sharq atrofidagi geosiyosiy vaziyat yana keskinlashishi mumkin. AQSH razvedka idoralarida Xitoy yaqin haftalarda Eronga yangi havo mudofaasi tizimlarini yetkazib berishni rejalayotgani haqidagi ma’lumotlar paydo bo‘ldi. Bu haqda CNN uch nafar xabardor manbaga tayanib xabar berdi.
Manbalarga ko‘ra, yetkazib berilishi mumkin bo‘lgan qurollar orasida past balandlikda uchuvchi samolyotlarga jiddiy xavf tug‘diruvchi odam ko‘tarib yuradigan havo mudofaasi tizimlari (MANPADS) ham bor. Bunday qurollar ayniqsa harbiy aviatsiya uchun sezilarli tahdid hisoblanadi.
Qayd etilishicha, Xitoy ushbu yetkazib berish jarayonida o‘z izini yashirish maqsadida ta’minotni uchinchi davlatlar orqali amalga oshirishi mumkin. Bu esa ehtimoliy bitimni yanada murakkab va yashirin shaklga keltiradi.
Mutaxassislar fikricha, agar bu ma’lumotlar tasdiqlansa, bu holat Xitoyning Eron bilan harbiy-texnik hamkorligida yangi bosqichni anglatadi. Chunki hozirga qadar Xitoy kompaniyalari asosan ikki maqsadli — ya’ni fuqarolik va harbiy sohalarda qo‘llanishi mumkin bo‘lgan texnologiyalarni yetkazib berib kelayotgani aytiladi.
Bevosita havo mudofaasi tizimlarini sotish esa xalqaro sanksiyalar fonida jiddiy o‘zgarish sifatida baholanmoqda. Bu esa mintaqadagi kuchlar muvozanatiga ham ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Hozircha rasmiy Pekin bu boradagi xabarlarga izoh bermagan. Shu bilan birga, mazkur ma’lumotlar xalqaro hamjamiyatda xavotir uyg‘otib, keng muhokamalarga sabab bo‘lmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!