Zara asoschisi Amansio Ortega — dunyoning eng yirik ko‘chmas mulk magnati

Kiyim-kechak olamida inqilob qilgan “Zara” brendining asoschisi endi ko‘chmas mulk bozorini ham zabt etmoqda. Dunyoning eng boy insonlaridan biri Amansio Ortega nafaqat moda sanoatida, balki yer va binolar savdosida ham tengsiz ekanini исботлади. Zamin.uz Forbes maʼlumotlariga tayanib, ushbu ulkan "mulk imperiyasi"ning sirlarini ochiqlaydi.
25 milliard dollarlik imperiya xaritasi
Forbes jurnalistlari tomonidan o‘tkazilgan surishtiruvlar shuni ko‘rsatdiki, 90 yoshli ispaniyalik milliarderning ko‘chmas mulk portfeli hozirda 25 milliard dollarni tashkil etmoqda. Bu ko‘rsatkich bilan u dunyodagi eng muvaffaqiyatli developerlarni ham ortda qoldirdi:
- Amansio Ortega — 25 mlrd dollar;
- Harri Triguboff — 23,2 mlrd dollar;
- Donald Bren — 19,2 mlrd dollar.
Orteganing ixtiyorida dunyoning 13 ta mamlakatida joylashgan 200 dan ortiq yirik obyektlar mavjud. Qizig‘i shundaki, u sotib olgan mulklarini deyarli sotmaydi — 2001 yildan beri amalga oshirilgan 216 ta xariddan faqat 10 tasi qayta sotilgan, xolos.
Bezosdan ham o‘zib ketgan investitsiyalar
Tadbirkorning ko‘chmas mulkka tikayotgan mablag‘lari hatto eng mashhur texnologik startaplar byudjetidan ham salmoqliroq. Masalan, Orteganing ushbu sohaga kiritgan umumiy sarmoyasi Jeff Bezosning kosmik loyihasi — "Blue Origin"ga sarflagan 20 milliard dollaridan ancha ko‘pdir.
Birgina o‘tgan yil davomida milliarder dunyoning 10 ta shahrida yangi kelishuvlar uchun 3 milliard dollardan ortiq mablag‘ yo‘naltirdi. Uning yangi xaridlari orasida quyidagilar bor:
- 7 ta zamonaviy ofis markazi;
- 2 ta hashamatli mehmonxona;
- Britaniyadagi yirik port operatorining 49 foiz ulushi;
- Vankuverdagi tarixiy "Canada Post" binosi (850 mln dollarga sotib olinib, “Amazon” kompaniyasiga ijaraga berilgan).
Dunyoning eng boylari ro‘yxatida
Joriy yilning 16 aprel holatiga ko‘ra, Amansio Orteganing umumiy boyligi 139,3 milliard dollarga baholanmoqda. Bu ko‘rsatkich bilan u sayyoramizning eng badavlat insonlari reytingida faxrli 13-o‘rinni egallab turibdi. Moda olamidan ko‘chmas mulk gigantiga aylangan tadbirkorning muvaffaqiyat strategiyasi ko‘pchilikni hayratga solishda davom etmoqda.
Aziz mushtariylar, sizningcha, ko‘chmas mulkka sarmoya kiritish hamon eng xavfsiz biznes turi bo‘lib qolyaptimi? “Zara” asoschisining bu qadar ulkan mulkka ega bo‘lishi uning kelajakka bo‘lgan ishonchidan dalolatmi?
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!