Zara bolalar kostyumi bilan bog‘liq tanqidlarga uchradi

QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
- Zara brendi Halloween bayrami uchun mo‘ljallangan bolalar kostyumi tufayli tanqid ostiga olindi, chunki uning dizayni Xolokost davridagi Osvensim konslageri mahbuslari kiygan formalarni eslatgan.
- Kostyumdagi vertikal chiziqlar, eskirtirilgan ko‘rinish va bichimi konslager mahbuslari formalariga o‘xshashligi sababli xaridorlar norozilik bildirishdi.
Zara brendi bolalar uchun Halloween bayramiga mo‘ljallangan kostyumi tufayli tanqidlar markazida qoldi. Ayrim xaridorlar mazkur kiyim dizayni Xolokost davridagi Osvensim (Auschwitz) konslageri mahbuslari kiygan formalarni eslatishini ta’kidlagan.
Gap Zara'ning Kids' Halloween Groom Costume deb nomlangan bolalar kostyumi haqida ketmoqda. Narxi 39,99 funt sterling bo‘lgan ikki qismli kiyim kulrang va ko‘k ranglarda taklif etilgan.
Tanqidchilar kostyumdagi vertikal chiziqlar, eskirtirilgan ko‘rinish va kiyimning bichimi konslager mahbuslari formalariga noqulay darajada o‘xshash ekanini bildirgan. Ayrim foydalanuvchilar hatto kiyimdagi naqshlarning ba’zi qismlari tikanli simni ham eslatishini aytgan.
Need To Know xabar berishicha, Zara esa mazkur kiyimni «vertikal chiziqli dizayn, dekorativ tikishlar, latskandagi gul va eskirtirilgan effektga ega bolalar kostyumi» sifatida tavsiflagan.
Ikki qismdan iborat kostyum kardigan va shortidan tashkil topgan bo‘lib, paxta hamda poliester aralashmasidan tayyorlangan.
Kostyum dizayni ijtimoiy tarmoqlarda ham foydalanuvchilarning keskin munosabatiga sabab bo‘ldi. Ulardan biri Zara'ga murojaat qilib: «Bu ish qanday qabul qilinadi, deb o‘ylayapsizlar?» deya savol qoldirgan.
Yana bir xaridor esa: «Agar bu haqiqat bo‘lsa, umid qilamanki, hech kim, mutlaqo hech kim Zara'dan boshqa hech narsa sotib olmaydi», deya yozgan.
Uchinchi foydalanuvchi esa brend agar bu kiyimni Osvensimda bo‘lgan bobosi kiygan kostyumga «yakun yasashni» istagan bo‘lsa, endi unga faqat mahbuslarga berilgan raqamni qo‘shish qolganini kinoya bilan ta’kidlagan.
Biroq barcha xaridorlar ham kostyumni konslager formasiga o‘xshatmagan. Ayrimlar uni «Beetlejuice» filmidagi mashhur oq-qora chiziqli kostyumga ko‘proq o‘xshatish mumkinligini aytgan.
Isroil axborot va hujjatlash markazi direktori Naomi Mestrum ham mazkur dizayn Xolokost bilan bog‘liq assotsiatsiyani uyg‘otishi va bu holat og‘riqli ekanini ta’kidlagan.
«Men bunday holatdan norozi bo‘lgan odamlarning munosabatini juda yaxshi tushunaman», — dedi u.
Mestrum Zara'ni kostyumni albatta savdodan olib tashlashga chaqirmagan. Shuningdek, u kiyim dizayni ortida qasddan qilingan yoki yovuz niyat bor, deb hisoblamasligini bildirgan.
«Agar siz o‘zingizda bunday og‘riqli xotirani his qilmasangiz, bu o‘xshashlikni ham tezda payqamasligingiz mumkin. Menimcha, Zara do‘konidan o‘tayotgan oddiy xaridor ham buni darhol sezmaydi», — dedi u.
Mazkur holat Zara'ning shunga o‘xshash tanqidlarga birinchi marta duch kelishi emas.
2014 yilda brend bolalar uchun ishlab chiqarilgan, konslager mahbuslari kiyimiga o‘xshatilgan chiziqli ustki kiyimni savdodan qaytarib olgan edi. O‘sha kiyimdagi yulduzsimon nishon ham xaridorlarning e’tiroziga sabab bo‘lgan.
2007 yilda esa Zara sumka dizaynidagi naqsh svastikani eslatishi haqidagi tanqidlardan so‘ng mazkur mahsulotni ham savdodan olib tashlagan.
So‘nggi kostyum yuzasidan shikoyat qilgan mijozga Zara vakillari: «Yuzaga kelgan noqulaylik uchun samimiy uzr so‘raymiz. Biz bu holatdan xabardormiz va masalani imkon qadar tez hal qilish uchun ichki tartibda tegishli bo‘limga yetkazdik», mazmunida javob bergan.
2 oktyabr ertalab holatiga ko‘ra, mazkur kostyumni Zara'ning Buyuk Britaniyadagi rasmiy saytidan topishning iloji bo‘lmagan.
Shu bilan birga, kompaniya hozircha ushbu holat yuzasidan rasmiy ommaviy bayonot bermagan.






























Izohlar 0
…