3000 yillik mumiyoning sochlari olimlarni hayratga soldi

Misrda 3000 yildan ortiq vaqt avval yashagan ayolning mumiyosi zamonaviy tibbiy texnologiyalar yordamida qayta o‘rganildi. Tekshiruv davomida uning uzun o‘rilgan sochlari, tishlaridagi o‘zgarishlar va tanasida saqlanib qolgan ichki a’zolarning izlari aniqlandi. Eng qizig‘i, olimlar mumiyoning bintlarini yechmasdan turib, uning tanasini uch o‘lchamli tasvirda o‘rganishga muvaffaq bo‘ldi.
Tadqiqotchilar «O‘rilgan sochli ayol» (The Braided Lady) nomi bilan tanilgan mumiyoni yuqori aniqlikdagi kompyuter tomografiyasi (KT) yordamida tekshirdi. Natijalar 2026 yil oktyabr oyida Radiology Case Reports ilmiy jurnalida e’lon qilindi.
Mumiyo kim bo‘lgan?

Ayolning haqiqiy ismi va hayoti haqidagi ma’lumotlar saqlanib qolmagan. Tadqiqotchilar uning mumiyolanish xususiyatlariga qarab, miloddan avvalgi taxminan 1292–1077 yillar oralig‘ida, Misrning Yangi podsholik davri va undan keyingi davrga yaqin vaqtda yashagan bo‘lishi mumkinligini bildirgan.
U alohida qabrdan emas, balki boshqa mumiyolar bilan birga saqlangan joydan topilgan. 1860 yilda shifokor Jeyms Duglas uni Misrdan Kanadaga olib ketgan. Keyinchalik mumiyo turli muzeylar kolleksiyasida saqlangan va 2006 yilda AQSHning Kanzas shtatidagi Jahon xazinalari muzeyiga kelib tushgan.
Uning uzun va o‘rilgan sochlari boshqa mumiyolardan ajralib turgani sababli unga «O‘rilgan sochli ayol» nomi berilgan.
Kompyuter tomografiyasi nimalarni aniqladi?
Mutaxassislar mumiyoni 0,625 millimetr qalinlikdagi kesimlar orqali skanerdan o‘tkazib, tanasining ichki tuzilishini 3D tasvirda qayta tiklagan. Bu usul orqali suyaklar, tishlar va saqlanib qolgan yumshoq to‘qimalarni bintlarni ochmasdan tekshirish imkoni bo‘lgan.
Tekshiruvda ayolning tanasida jigar va taloq to‘qimalarining qoldiqlari saqlanib qolgani aniqlangan. Shuningdek, bosh qismida qurib qolgan miya to‘qimasi izlari ham ko‘ringan. Bu uni mumiyolash jarayonida miyasi burun orqali olib tashlanmagan bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatadi.
Olimlarning fikricha, ichki a’zolarni olib tashlash jarayoni to‘liq amalga oshirilmagan. Bu esa qadimgi misrliklarning mumiyolash usullari har doim bir xil bo‘lmaganini ko‘rsatadi.
Obuna bilan reklama bo'lmaydi
Zamin Premium — oyiga 4 900 so'm
Mavzuga oid yangiliklar
































Izohlar0
…