Janubiy Koreyada qochgan bo‘ri 9 kundan so‘ng topildi

Janubiy Koreyada hayvonot bog‘idan qochib ketgan ikki yoshli Neukgu ismli bo‘ri to‘qqiz kun davom etgan keng ko‘lamli qidiruvlardan so‘ng topilib, qayta qo‘lga olindi. Qidiruv operatsiyasi 17 aprel kuni muvaffaqiyatli yakunlangani haqida BBC xabar berdi.
Qochish va katta qidiruv boshlanishi
2024 yilda tug‘ilgan bu bo‘ri Koreya yarim orolida yo‘qolib borayotgan koreys bo‘rilari populyatsiyasini tiklash dasturi doirasida parvarishlangan. U Tejon shahridagi O-World hayvonot bog‘i va ko‘ngilochar maskanida saqlanar edi.
8 aprel kuni u qochib ketgach, uni qidirishga 300 dan ortiq qutqaruvchi jalb qilindi. Butun mamlakat bo‘ylab qidiruv ishlari olib borildi.
Bir necha bor yaqinlashilgan, ammo qo‘lga tushmagan
Rasmiylar bir necha marta bo‘rini qo‘lga olishga yaqin kelgan, ammo u har safar qochib ketgan. 13 aprel kechasi o‘t o‘chiruvchilar hayvonni hayvonot bog‘idan 2 kilometr uzoqlikdagi tog‘li hududda ko‘rgani haqida xabar berishgan.
Ijtimoiy tarmoqlarda esa bo‘rining tungi yo‘lda mashina chiroqlari ostida yugurayotgani aks etgan videolar tarqalib, katta muhokamalarga sabab bo‘ldi.
Hatто uni “erkinlik timsoli” va “qafasdan qochgan bo‘ri” deb atab, memlar va kriptovalyuta tokenlari ham paydo bo‘lgan.
Xavotir va jamoat reaksiyasi
Biroq ko‘pchilik uning taqdiridan xavotirga tushdi. Hayvon huquqlari faollari avval ham shu hayvonot bog‘idan qochgan puma misolida bo‘lgani kabi, bu bo‘ri ham yo‘q qilib yuborilishi mumkinligidan cho‘chishdi. Mutaxassislar esa tutqunlikda o‘sgan hayvon yovvoyi tabiatda omon qolishi qiyin bo‘lishini ta’kidlashdi.
Hatто Janubiy Koreya prezidenti Li Je Myong ham ijtimoiy tarmoqlarda bo‘rining sog‘-salomat qaytishini tiladi.
Yakuniy qo‘lga olish operatsiyasi
16 aprel kechasi Anyon-dong hududida bo‘ri yana ko‘rilgani haqida xabar kelib tushdi va maxsus operatsiya boshlandi. U dronlar orqali kuzatildi, so‘ngra mutaxassislar 20 metr masofadan trankvilizator o‘qi bilan uni uxlatishga muvaffaq bo‘lishdi.
Oradan bir necha daqiqa o‘tib, bo‘ri tinchlantirildi va hayvonot bog‘iga olib ketildi. U 17 aprel soat 00:44 da rasman ushlangan.
Salomatligi yaxshi ekan
Tibbiy tekshiruvlarda uning holati barqaror ekani, hayot uchun xavf yo‘qligi aniqlanadi. Shu bilan birga, uning oshqozonidan baliq ovlash qarmog‘i topilib, jarrohlik yo‘li bilan olib tashlangan.
Mutaxassislar bo‘ri bu davrda katta vazn yo‘qotmaganini, hatto oziqlanish belgilarini ko‘rsatganini bildirishdi.
Tejon shahar ma’muriyati esa qutqaruvchilar va qo‘llab-quvvatlagan barchaga minnatdorlik bildirdi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!