AI yordamida bo‘ri suratini yaratgan erkak besh yilga qamalishi mumkin

AI yordamida bo‘ri suratini yaratgan erkak besh yilga qamalishi mumkin
QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
  • Janubiy Koreyada sun'iy intellekt yordamida yaratilgan soxta bo'ri suratini tarqatgan 40 yoshli erkak besh yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi va 6,7 ming dollar jarimaga tortilishi mumkin.
  • Mazkur tasvir Tedjon hayvonot bog'idan qochib ketgan Neukgu ismli bo'rini qidirish ishlarini to'qqiz kungacha kechiktirib, shahar xavfsizligiga jiddiy ta'sir ko'rsatdi.

Janubiy Koreyada sun’iy intellekt yordamida shahar ko‘chalarida kezib yurgan bo‘rining realistik suratini yaratib, uni internetga joylagan 40 yoshli erkak jiddiy jazoga tortilishi mumkin. Ushbu harakati uchun erkak besh yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi va 6,7 ming dollar miqdorida jarima to‘lashi ehtimoli bor.

Bugungi kunda sun’iy intellekt texnologiyalari yordamida turli xil raqamli tasvirlarni yaratish millionlab insonlar uchun odatiy holga aylangan. Ayrim tasvirlar sun’iy ekani yaqqol ko‘rinib tursa, boshqalari esa haqiqiy fotosuratlardan deyarli farq qilmaydi. Biroq bunday imkoniyatlardan noto‘g‘ri foydalanish, hatto dastlab bezarar ko‘ringan ijodiy harakatlar ham jiddiy oqibatlarga sabab bo‘lishi mumkin.

Bunga Janubiy Koreyada sodir bo‘lgan voqea yaqqol misol bo‘la oladi. Gap mamlakat markazida joylashgan Tedjon shahri ko‘chalarida yuribdi, deb tasvirlangan bo‘ri surati haqida ketmoqda.

Aslida, bir qarashda shahar ko‘chalarida yolg‘iz bo‘ri yurganini aks ettiruvchi tasvirni sun’iy intellekt orqali yaratish jinoyatdek ko‘rinmasligi mumkin. Ammo vaziyatning boshqa jihati bor edi: o‘sha paytda shaharda haqiqatan ham bo‘ri qidirilayotgandi.

8 aprel kuni Janubiy Koreya ommaviy axborot vositalari Tedjon hayvonot bog‘idan Neukgu ismli bo‘ri qochib ketgani haqida xabar tarqatdi. Shundan so‘ng ijtimoiy tarmoqlarda ushbu hayvon shahar ko‘chalarida ko‘ringani haqidagi xabarlar va uning surati sifatida taqdim etilgan tasvir ham paydo bo‘ldi. Biroq fotosurat deb qabul qilingan ushbu material aslida maxsus matnli so‘rov asosida sun’iy intellekt yordamida yaratilgan edi.

Janubiy Koreya rasmiylari mazkur soxta tasvir qidiruv ishlariga jiddiy ta’sir ko‘rsatganini ma’lum qildi. Ularning ta’kidlashicha, «sun’iy intellekt yordamida o‘zgartirilgan bitta tasvir bo‘rini qo‘lga olish jarayonini to‘qqiz kungacha kechiktirgan». Shuningdek, politsiya xodimlari va o‘t o‘chiruvchilarning uzoq vaqt davomida qidiruv ishlariga jalb etilishi ularning jamoat xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan asosiy vazifalarida ham jiddiy uzilishlarga olib kelgan.

Bo‘ri shahar ko‘chalarida yurishi va aholi uchun xavf tug‘dirishi mumkinligidan xavotirlangan mahalliy hokimiyat bir qator shoshilinch choralarni ko‘rishga majbur bo‘ldi. Xususan, Tedjon shahridagi boshlang‘ich maktablar vaqtincha yopildi, aholi xavfsizligini ta’minlash maqsadida maxsus favqulodda guruhlar ishga jalb qilindi.

Afsuski, ushbu keng ko‘lamli chora-tadbirlarga sabab bo‘lgan tasvir soxta ekani aniqlangan vaqtga kelib, vaziyat ancha murakkablashib ulgurgan edi. Politsiya xodimlari shaharning turli hududlarida qidiruv olib borishga ancha vaqt sarfladi.

Oxir-oqibat, Neukgu Tedjon shahrining chekka hududlaridan topildi. Agar sun’iy intellekt yordamida yaratilgan soxta fotosurat tarqalmaganida, bo‘rini ancha ertaroq topish mumkin bo‘lar edi.

Hodisaga sabab bo‘lgan tasvir muallifi esa 40 yoshli mahalliy erkak bo‘lib chiqdi. U bo‘rining realistik suratini sun’iy intellekt yordamida yaratgani va uni internetga joylaganini tan oldi. Erkak o‘z harakatini shunchaki «ko‘ngilxushlik uchun» amalga oshirganini aytgan.

Biroq endi uning bu hazili jiddiy huquqiy oqibatlarga olib kelishi mumkin. Janubiy Koreya qonunchiligiga muvofiq, erkak besh yilgacha qamoq jazosiga hukm qilinishi va 6 700 dollargacha jarima to‘lashi ehtimoli bor.

Mazkur voqea sun’iy intellekt orqali yaratilgan tasvirlar haqiqiy voqelik sifatida qabul qilinganda qanday jiddiy oqibatlar kelib chiqishi mumkinligini yana bir bor ko‘rsatdi.

Izohlar 0

…

Mavzuga oid yangiliklar