Britaniyada yoshlarga tamaki sotishni umrbod cheklash rejalashtirildi

Buyuk Britaniya parlamenti 2009-yildan keyin tug‘ilgan fuqarolarga tamaki mahsulotlarini sotishni umrbod taqiqlashni ko‘zda tutuvchi yangi qonun loyihasini ma’qulladi. 2027-yildan kuchga kirishi kutilayotgan ushbu hujjatga ko‘ra, yosh chegarasi har yili avtomatik ravishda oshirib boriladi va kelajakda "tamakisiz avlod" shakllantiriladi. Shuningdek, elektron sigaretalar va veyp mahsulotlariga nisbatan nazorat kuchaytirilib, ularning reklama qilinishi hamda jamoat joylarida ishlatilishi qat'iy cheklanadi. Mazkur tashabbus mamlakatda chekish oqibatida yuzaga keladigan o‘lim holatlarini kamaytirish va millat salomatligini asrash yo‘lidagi tarixiy qadam sifatida baholanmoqda.

Buyuk Britaniya parlamentining Jamoalar palatasi va Lordlar palatasi tamaki hamda veyp mahsulotlarini tartibga solishga oid yangi qonun loyihasining yakuniy variantini kelishib oldi. Hujjat endi qirol Charlz III tasdigʻini kutib turibdi. Shundan soʻng u toʻliq kuchga kiradi.
Yangi qoidalarga muvofiq, 2027 yil 1 yanvardan boshlab 2009 yil 1 yanvardan keyin tugʻilgan barcha fuqarolarga tamaki mahsulotlarini sotish butun umr davomida taqiqlanadi. Bu qaror kelajak avlod uchun tamakiga qonuniy yoʻlni asta-sekin yopib borishni nazarda tutadi.
Yaʼni, qonun amal qila boshlaganida 17 yosh va undan kichik boʻlganlar umri davomida sigareta, sigara, oʻrama tamaki va boshqa mahsulotlarni rasman sotib ololmaydi. Yosh chegarasi esa har yili avtomatik tarzda oshirilib, butun jamiyat boʻyicha “tamakisiz avlod” shakllantirilishi rejalashtirilgan.
Shu bilan birga, elektron sigaretalar va veyplarga nisbatan ham nazorat keskin kuchaytiriladi. Hukumat nikotin mahsulotlarining taʼmi, tashqi koʻrinishi va reklama usullarini cheklash boʻyicha keng vakolatlarga ega boʻladi.
Qonunga koʻra, koʻplab jamoat joylarida, jumladan maktablar va bolalar maydonchalari atrofida veyp chekish ham taqiqlanadi. Shuningdek, voyaga yetmaganlarga veyp mahsulotlarini sotish va targʻib qilishga qarshi qoʻshimcha cheklovlar joriy etiladi.
Buyuk Britaniya sogʻliqni saqlash vaziri Ues Striting bu qarorni “millat salomatligi uchun tarixiy burilish nuqtasi” deb baholadi. Uning taʼkidlashicha, chekish hali ham mamlakatda oldini olish mumkin boʻlgan oʻlimlarning asosiy sabablaridan biri hisoblanadi.
Har yili taxminan 80 ming nafar inson aynan tamaki bilan bogʻliq kasalliklar tufayli hayotdan koʻz yummoqda, bu esa Milliy sogʻliqni saqlash xizmatiga katta yuklama yuklamoqda.
Hukumat yangi qonun yoshlar orasida chekish darajasini keskin kamaytirishga xizmat qiladi va uzoq muddatli istiqbolda mamlakatni “tutunsiz jamiyat”ga yaqinlashtiradi, deb hisoblamoqda.
Qirol roziligi olingandan soʻng qonun bosqichma-bosqich joriy etiladi. Birinchi qattiq cheklovlar 2027 yildan kuchga kiradi. Bu tashabbus dunyodagi eng qattiq tamakiga qarshi qonunlardan biri sifatida baholanmoqda.






























Izohlar 0
…