Zuhra Soliyeva o‘ziga yopishtirilgan “shallaqi aktrisa” tamg‘asidan qutulish qiyinligini aytdi

Aktrisa, xonanda va teleboshlovchi Zuhra Soliyeva “Chotki TV” YouTube kanaliga bergan intervyusida ijodiy faoliyati va tomoshabinlar orasida shakllangan obrazi haqida gapirdi. U, xususan, “Boyvachcha” filmidagi roli sabab ko‘pchilik uni hayotda ham tili o‘tkir, janjalkash ayol sifatida tasavvur qilishidan ranjishini bildirdi.
San’atkorning ta’kidlashicha, aynan shu obraz orqali keng auditoriyaga tanilgan. Shundan so‘ng unga turli tadbirlar va to‘ylardan takliflar ko‘paygan, bu esa moddiy jihatdan ham foyda keltirgan. Shu sababli bir muddat o‘sha obrazni davom ettirish unga ham ma’qul bo‘lgan.
Biroq Zuhra Soliyeva vaqtida tomoshabinlarga bu faqat sahnadagi va ekrandagi obraz ekanini tushuntirib berishi kerakligini tan oldi. Uning aytishicha, ayrim insonlar u bilan shaxsan suhbatlashganidan keyingina hayotda mutlaqo boshqacha ekanini anglashadi.
Aktrisa hozir ham ijtimoiy tarmoqlarda uning tashqi ko‘rinishi va hatto kulish tarziga izoh beradiganlar borligini aytdi. Shunga qaramay, odamlar ongida shakllangan tasavvurni o‘zgartirish oson emasligini ta’kidladi.
Zuhra Soliyeva o‘zining boshqa ijodiy qirralarini ham namoyon etishni istashini bildirdi. Uning fikricha, tarixiy va yirik davlat kinolarida rol ijro etish imkoniyati hamma san’atkorlarga ham berilmaydi. Shunday bo‘lsa-da, aktrisa kelajakda o‘zini boshqa obrazlarda ham ko‘rsatish umidini yo‘qotmagan.































Izohlar 0
…