Eron boshqaruvida keskin burilish: hokimiyat kimning qoʻlida?

Eron siyosiy tizimida keskin oʻzgarishlar yuz bermoqda. “Reuters” xabariga koʻra, mamlakatning sobiq oliy rahbari Oyatulloh Ali Xomanaiy urushning ilk kunidayoq halok boʻlgach, boshqaruv tizimi tubdan yangilangan.
Avval Eron Islom Respublikasi barcha vakolatlar jamlangan oliy rahbar atrofida shakllangan edi. Biroq hozirgi sharoitda bu tizim oʻzgarib, hokimiyat bir markazda emas, balki tor doiradagi kuchli tuzilmalarga boʻlingan.
Manbalarga koʻra, Xomanaiyning oʻgʻli Mujtabo Xomanaiy rasman oliy rahbar etib tayinlangan. Ammo uning roli mustaqil qaror qabul qilishdan koʻra, yuqori doirada qabul qilingan qarorlarni tasdiqlash bilan cheklanmoqda.
Asosiy taʼsir esa Islom inqilobi qoʻriqchilari korpusi qoʻliga oʻtgan. Ayniqsa, harbiy strategiya va muhim siyosiy qarorlarda aynan shu tuzilma yetakchilik qilayotgani aytilmoqda. Shu bilan birga, Milliy xavfsizlik oliy kengashi va boshqa yopiq doiralar ham muhim rol oʻynamoqda.
Qiziq jihati shundaki, Mujtabo Xomanaiy urush boshida jarohat olgani sababli omma oldida deyarli koʻrinmayapti. U asosan yaqinlari orqali yoki cheklangan aloqa vositalari bilan muloqot qilayotgani taʼkidlanmoqda.
Xulosa qilib aytganda, bugungi Eron boshqaruvida rasmiy yetakchi mavjud boʻlsa-da, haqiqiy hokimiyat harbiy-siyosiy tuzilmalar qoʻlida jamlangani aytilmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!