Tramp “Ozodlik loyihasi”ni to‘xtatdi, Eron bilan muzokaralar kuchaydi

AQSH prezidenti Donald Tramp Hormuz bo‘g‘ozida amalga oshirilayotgan “Project Freedom” (“Ozodlik loyihasi”) operatsiyasi vaqtincha to‘xtatilganini ma’lum qildi. Bu haqda u Truth Social orqali bayonot berdi.
Prezidentning ta’kidlashicha, mazkur qaror Eron bilan ehtimoliy kelishuvga erishish imkoniyatlarini ko‘rib chiqish maqsadida qabul qilingan. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu qadam bir qator davlatlar, jumladan Pokistonning murojaatlari asosida amalga oshirilgan.
Tramp AQSH tomoni harbiy jihatdan “katta yutuqlarga erishgani”ni bildirib, tomonlar o‘rtasida yakuniy kelishuvga yaqinlashish borasida sezilarli siljish kuzatilayotganini aytdi.
Avvalroq Marko Rubio “Epic Rage” (“Epik g‘azab”) operatsiyasi yakunlangani va barcha maqsadlarga erishilganini ma’lum qilgan edi. Uning ta’kidlashicha, Vashington Eron bilan keng qamrovli kelishuvga erishishni maqsad qilgan.
Ma’lumki, bir necha kun avval Tramp AQSH kemalari Hormuz bo‘g‘ozida qolib ketgan fuqaro kemalariga yordam ko‘rsatishini aytgan va bu amaliyotni gumanitar qadam sifatida baholagandi. U kemalarda oziq-ovqat va zarur vositalar yetishmayotganini ta’kidlagan.
Biroq Eron tomoni bu tashabbusga keskin munosabat bildirdi. Mamlakat harbiylari AQSH kemalari bo‘g‘ozga yaqinlashgan taqdirda ularga zarba berishga tayyor ekanini ma’lum qildi.
Shuningdek, Tramp "Fox News"ga bergan intervyusida agar Eron AQSH kemalariga hujum qilsa, juda qattiq javob qaytarilishini bildirgan. AQSH mudofaa vaziri Pit Hegset ham bu holatda kuchli harbiy javob bo‘lishini ta’kidladi.
Mutaxassislar fikricha, operatsiyaning to‘xtatilishi diplomatik muzokaralar uchun yangi imkoniyat yaratishi mumkin, biroq mintaqadagi keskinlik hali ham yuqori darajada saqlanib qolmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!