Tramp: Eron yadro qurolidan voz kechishga rozilik bildirdi

Eron yadro qurolidan voz kechishga rozi bo‘lgan. Bu haqda AQSH prezidenti Donald Tramp “Fox News” telekanaliga bergan intervyusi davomida ma’lum qildi.
Oq uy rahbarining ta’kidlashicha, tomonlar o‘zaro manfaatli kelishuvga erishish arafasida turibdi. Biroq u eng maqbul shartlarga erishish uchun shoshilmaslik tarafdori ekanini, shu bois muzokaralar jarayoni sekin kechayotganini aytgan.
Shu bilan birga, AQSH prezidenti Eron yadro qurolidan voz kechishga rozilik bildirganini ham da’vo qildi.
Trampning izoh berishicha, avval Eron tomoni yadro qurolini ishlab chiqarmasligini ma’lum qilgan. Keyinchalik uni sotib olish ehtimoli haqidagi savolga oydinlik kiritilgach, bayonot mazmuni o‘zgartirilgan. Endi unga ko‘ra, Eron “harbiy qurolni ishlab chiqmaydi va uni hech qanday yo‘l bilan sotib ham olmaydi”.
Mazkur bayonot xalqaro hamjamiyat tomonidan diqqat bilan kuzatilayotgan AQSH–Eron munosabatlari va yadro dasturi bo‘yicha muzokaralar fonida yangradi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!