14 kun ovqatsiz qolgan ayol Malayziya tog‘laridan tirik topildi

Malayziyada sodir bo‘lgan hayratlanarli voqea ko‘pchilikni lol qoldirdi. Tog‘larda adashib qolgan 49 yoshli sayyoh ayol ikki hafta davomida oziq-ovqatsiz yashab, 14 kundan keyin sog‘-salomat holda topildi.
Ma’lum bo‘lishicha, Jaslinda Saludin 23 may kuni Batu Putix tog‘iga sayohat qilish uchun yo‘l olgan. U 14 nafar sayyoh va ikki nafar yo‘lboshchidan iborat guruh tarkibida bo‘lgan. Biroq ertasi kuni ayol guruhdan ajralib qolib, tog‘ bag‘rida yolg‘iz qolgan.
Qutqarilgan ayolning aytishicha, u bu vaqt davomida hech qanday ozuqa iste’mol qilmagan. Hayotini saqlab qolish uchun o‘simliklar barglari va novdalarida to‘plangan suvni ichgan.
— Menda ovqat yo‘q edi. Ikki hafta davomida hech narsa yemadim, faqat suv bilan kun kechirdim. Hayotimiz uchun shukr qilishimiz kerak, — dedi u.
Aniqlanishicha, ayol avval oyog‘idagi og‘riq tufayli to‘xtab dam olgan. Keyin esa guruhdan uzilib qolib, mustaqil ravishda harakatlanishda davom etgan. Natijada u yo‘nalishni yo‘qotib qo‘ygan.

Jaslinda Saludinning bedarak yo‘qolgani ma’lum bo‘lgach, 25 may kuni keng ko‘lamli qidiruv-qutqaruv operatsiyasi boshlangan. Qidiruv ishlari davomida qutqaruvchilar, politsiya xodimlari, ko‘ngillilar va mahalliy aholi jalb qilingan.
Nihoyat, 6 iyun kuni ayol Lubuk Gaxaru qishlog‘i yaqinidan tirik holda topildi. U darhol shifoxonaga olib ketilib, tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, ayol topilgan hudud relef jihatidan juda murakkab bo‘lib, sharsharalar, chuqur vodiylar va o‘tish qiyin bo‘lgan joylardan iborat. Shu sababli uning tirik qolgani haqiqiy mo‘jiza sifatida baholanmoqda.
Qutqarilgan sayyoh o‘zining yo‘qolib qolishi bilan jamoatchilikka tashvish keltirgani uchun uzr so‘radi. Uning turmush o‘rtog‘i esa qidiruv ishlarida qatnashgan barcha tashkilotlar va ko‘ngillilarga minnatdorlik bildirdi.





























Izohlar 0
…