26 kun ovqat yemagan aktivist nihoyat ochlik aksiyasini yakunladi

Hindistonlik taniqli ekolog va jamoat faoli Sonam Vangchuk 26 kun davom etgan ochlik aksiyasini rasman to‘xtatdi. Bu haqda u 24 iyul kuni o‘zining X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasi orqali ma’lum qildi.
59 yoshli faol 28 iyundan buyon mamlakatdagi talabalar boshlagan norozilik harakatini qo‘llab-quvvatlash maqsadida ovqat iste’mol qilishdan voz kechgan edi. Namoyishchilar tibbiyot imtihonlari savollari oldindan tarqalib ketgani bilan bog‘liq mojaro ortidan ta’lim vaziri Dharmendra Pradhanning iste’fosini talab qilib kelmoqda.
Oradan ko‘p o‘tmay, mazkur harakat kengayib, unga turli sohalar vakillari, jamoat faollari hamda oddiy fuqarolar ham qo‘shildi. Natijada noroziliklar bosh vazir Narendra Modi hukumati siyosatiga qarshi keng ko‘lamli aksiyaga aylandi.
Sonam Vangchukning aytishicha, u ochlik aksiyasini vazir J.P. Nadda, doktor Jitendra Singh va Ladak rahbariyati bilan o‘tkazilgan muzokaralardan keyin yakunlashga qaror qilgan.
Faolning ma’lum qilishicha, mamlakat parlamentining turli siyosiy kuchlaridan bo‘lgan 65 nafar deputat ham uni ochlikni to‘xtatishga chaqirgan. Shuningdek, u 18 iyul kuni politsiya tomonidan namoyish maydonidan shifoxonaga olib ketilganini eslatdi.
Vangchukning ta’kidlashicha, ochlik aksiyasini tugatish qarorining asosiy sababi mamlakatda ehtimoliy zo‘ravonliklarning oldini olish va muzokaralar uchun imkoniyat yaratish bo‘lgan.
Shu bilan birga, u tarafdorlarini har qanday keskin harakatlardan tiyilishga chaqirib, tinchlikni saqlash muhimligini ta’kidladi.
Ma’lum bo‘lishicha, 23 iyul kuni faol hukumat talabalarga nisbatan kuch ishlatmaslikka kafolat bersa, ochlikni to‘xtatishga tayyorligini bildirgan. Ammo aynan shu kuni Nyu-Dehlida politsiya namoyishchilarni tarqatish uchun ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz va dubinkalardan foydalangan.
Shunga qaramay, namoyishchilar poytaxtdagi Jantar Mantar maydonida yana to‘planib, aksiyalarni davom ettirgan. Bu hafta davomida politsiya va faollar o‘rtasidagi ikkinchi to‘qnashuv bo‘ldi.
Ochlik aksiyasini yakunlar ekan, Vangchuk hukumatdan bir qator talablarini yana takrorladi. Ular orasida o‘z joniga qasd qilgan talabalar oilalariga tovon puli to‘lash hamda ta’lim vazirining iste’fosini ta’minlash masalasi ham bor. U avvalroq, agar sog‘lig‘i imkon bersa, aksiyani olti haftagacha davom ettirishini bildirgan edi.






























Izohlar 0
…