Autizmli o‘g‘li maydonda tanishi uchun Mark Kukurelya sochini hech qachon kesmaydi

Ispaniya terma jamoasi himoyachisi Mark Kukurelya maydonda uzun, jingalak sochlari bilan ajralib turadi. Ma’lum bo‘lishicha, bu oddiy imij emas, balki uning oilasi bilan bog‘liq ta’sirli sababga ega.
Futbolchining to‘ng‘ich o‘g‘li Mateoda autizm spektri buzilishi tashxislangan. Bolaning nutqi rivojlanmagan bo‘lib, u katta odamlar kabi muloqot qila olmaydi. Biroq Mateo maydonda otasini aynan uzun sochlari orqali tanib oladi. Shu bois Kukurelya yillar davomida sochini qisqartirmay keladi.
Futbolchining oilasi bu sinovni osonlik bilan yengmagan. Tashxis qo‘yilishi, munosib maktab va mutaxassislarni topish yo‘lida ular ko‘plab qiyinchiliklarni boshdan kechirgan. Mark esa faoliyati davomida har doim bir tamoyilga amal qilgan.

«Avvalo o‘g‘lim uchun munosib maktab topaman, keyin klub haqida o‘ylayman», degan Kukurelya.
Uning aytishicha, futboldagi sovrinlar bir kun kelib unutiladi, ammo farzandining baxti va hayoti uning uchun har qanday chempionlikdan ustun.
Mark va rafiqasi Klaudiya o‘g‘lining tashxisini yashirmaydi. Ular bu orqali autizmli farzand tarbiyalayotgan boshqa oilalarga ruhiy madad berishni maqsad qilgan. Futbolchi uchun eng katta g‘alaba chempionlik emas, balki farzandlarining mehri va ishonchidir.






























Izohlar 0
…