Oltin tangalar 30 yillik dengiz sirini ochdi

Buyuk Britaniya olimlari qariyb 30 yil davomida sir bo‘lib kelgan dengiz halokatiga nihoyat oydinlik kiritdi. Tadqiqotchilar Angliyaning janubiy qirg‘oqlari yaqinida 1995 yilda topilgan kema qoldiqlari Dom van Keulen nomli golland savdo kemasiga tegishli ekanini aniqladi.
O‘shanda g‘avvoslar dengiz tubidan 400 dan ortiq Marokash oltin tangalarini topgan, ammo kemaning nomi va kelib chiqishi noma’lumligicha qolgan edi. Yangi tadqiqotlarga ko‘ra, kema 1633 yilda Marokashdan Niderlandiyaga yo‘l olgan vaqtda suv o‘tkazib, cho‘kib ketgan. Bunda ekipajning barcha a’zolari omon qolgan.
Tadqiqot British Museum, Bournemouth University va South West Maritime Archaeology Group olimlari hamda g‘avvoslarining qariyb 30 yillik hamkorligi samarasi bo‘ldi. Bu haqda yaqinda nashr etilgan "From Morocco to the Coast of England: The Story of the Dom van Keulen and its Remarkable Cargo" kitobida ham batafsil ma’lumot berilgan.

Ma’lum bo‘lishicha, kema 150 qop arab yelimi, 64 qop selitra, 320 dona echki terisi va 9 mingta Marokash oltin tangasini tashigan. Olimlar fikricha, yukning katta qismi o‘sha vaqtning o‘zida qutqarib olingan, ammo 400 dan ortiq tanga dengiz tubida qolib ketgan.
Tadqiqot mualliflari aynan Marokash oltin tangalari kemaning shaxsini aniqlashda hal qiluvchi ahamiyat kasb etganini ta’kidladi. Shuningdek, ular xalqaro muzey mutaxassislari va g‘avvoslarning ko‘p yillik hamkorligi ushbu tarixiy jumboqqa «ajoyib yechim» topish imkonini berganini qayd etdi.
Mutaxassislar fikricha, ushbu kashfiyot dengizlar tubida hali ham insoniyat tarixiga oid ko‘plab qimmatli sirlar yashirinib yotganini yana bir bor isbotladi.






























Izohlar 0
…