Adam Qodirov ikkinchi marta “Checheniston qahramoni” unvoniga sazovor bo‘ldi

Checheniston rahbari Ramzan Qodirovning o‘g‘li, 18 yoshli Adam Qodirov ikkinchi bor “Checheniston qahramoni” unvoni bilan taqdirlandi. Bu haqda Meduza nashri xabar tarqatdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, yuksak mukofotni unga shaxsan otasi — Ramzan Qodirov topshirgan. Checheniston hukumati raisi Magomed Daudovning ta’kidlashicha, Adam Qodirov davlat oldidagi xizmatlari, xalq manfaatlari yo‘lidagi faoliyati hamda Rossiyaning Ukrainadagi harbiy amaliyotini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan ishlari uchun ushbu unvonga munosib ko‘rilgan.
Eslatib o‘tamiz, Adam Qodirov mazkur unvonni birinchi marta 2023 yil oktyabr oyida, 15 yoshida qo‘lga kiritgan edi. O‘shanda bu haqdagi xabarni Rossiya Davlat dumasi deputati Adam Delimxonov ma’lum qilgan. Mukofot uning Qur’onni yoqish ishi bo‘yicha hibsga olingan Nikita Juravelni tergov hibsxonasida urgani ortidan berilgani keng jamoatchilik muhokamalariga sabab bo‘lgandi.
Qayd etilishicha, “Checheniston qahramoni” unvoni to‘g‘risidagi nizomda bir shaxsning ushbu mukofotni necha marta olishi mumkinligi bo‘yicha hech qanday cheklov belgilanmagan. Ramzan Qodirovning o‘zi ham ikki karra “Checheniston qahramoni” hisoblanadi.
Rossiya ommaviy axborot vositalari avvalroq Adam Qodirovni Checheniston rahbari lavozimiga ehtimoliy voris sifatida tilga olgan edi. Biroq ayrim nashrlar uning ishtirokidagi yo‘l-transport hodisasidan keyin bu boradagi qarashlar ma’lum darajada o‘zgarganini yozgan.





























Izohlar 0
…