Onasi yigiti bilan tashqariga chiqqan paytda bir yoshli bola qaynoq vannada halok bo‘ldi

AQSHning Kaliforniya shtatida bir yoshli bola qaynoq suvli vannaga tushirilishi va og‘ir jarohatlar olib halok bo‘lishi ishi bo‘yicha sud hukmi chiqarildi. 34 yoshli Serxio Mena 21 yilga, uning sherigi 26 yoshli Samanta Garver esa 14 yilga ozodlikdan mahrum qilindi. Tergov ma'lumotlariga ko‘ra, Serxio Mena bolani qaynoq suvli vannaga kiritib uydan chiqib ketgan va og‘ir kuyish jarohatlari olgan bolaga darhol shifokor chaqirilmagan.
AQSHning Kaliforniya shtatida bir yoshli bolaning o‘limi bilan bog‘liq dahshatli ish bo‘yicha sud hukmi chiqarildi. 26 yoshli Samanta Garver va uning 34 yoshli sherigi Serxio Mena ikkinchi darajali qotillik hamda bolaga nisbatan zo‘ravonlik ayblovlari bo‘yicha aybini tan oldi.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, 2023 yil 30 sentyabr kuni Serxio Mena bir yoshli Henri Uitli-Braunni juda qaynoq suvli vannaga kiritib, uydan chiqib ketgan. Aytilishicha, u giyohvand modda olish uchun ketgan bo‘lishi mumkin. Og‘ir kuyish jarohatlari olgan bolaga shifokor chaqirilmagan, aksincha, kuygan joylariga oddiy malham surtish bilan cheklanilgan.
Faqat ertasi kuni bolaning nafasi sekinlashgach, tez yordam chaqirilgan. Shifokorlar Henrini yurak urishi to‘xtagan, qattiq suvsizlangan va juda og‘ir ahvolda topgan. Uni qutqarib qolishning imkoni bo‘lmagan.
Tergov davomida bola avval ham muntazam zo‘ravonlikka uchragani ma’lum bo‘ldi. Ekspertiza uning tanasida ikkinchi va uchinchi darajali kuyish izlari, ko‘karishlar hamda bitish jarayonidagi bir nechta sinishlar mavjudligini ko‘rsatgan. Bolalarni himoya qilish xizmati ham o‘limga zo‘ravonlik va e’tiborsizlik sabab bo‘lganini tasdiqladi.
Sud qaroriga ko‘ra, Serxio Mena 21 yilga, Samanta Garver esa 14 yilga ozodlikdan mahrum qilindi. Prokuratura ushbu hukm adolat qaror topganini va aybdorlar boshqa hech bir bolaga zarar yetkaza olmasligini ta’kidladi.






























Izohlar 0
…