Qozog‘iston O‘zbekistondan pomidor importini bir haftaga chekladi

Qozog‘iston Respublikasi mamlakat hududiga uchinchi davlatlardan yangi yoki sovutilgan pomidorlarni barcha transport turlari orqali olib kirishga nisbatan bir haftalik vaqtinchalik taqiq joriy qildi. Bu haqda Qozog‘iston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2026 yil 22 iyunda qabul qilingan “Qozog‘iston Respublikasi hududiga pomidorlarni olib kirishning ayrim masalalari to‘g‘risida”gi 250-sonli buyrug‘ida ma’lum qilindi.
Ma’lum bo‘lishicha, Qozog‘iston Qishloq xo‘jaligi vaziri Aydarbek Saparov yangi va sovutilgan pomidorlarni import qilishni vaqtincha cheklash bo‘yicha tegishli hujjatni imzolagan. Qabul qilingan qarorga ko‘ra, mazkur taqiq 2026 yil 30 iyunga qadar amal qiladi va shu vaqt davomida belgilangan talablar qat’iy tarzda bajarilishi lozim bo‘ladi.
Ta’kidlanishicha, ushbu cheklovlar Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi (YEOII)ga a’zo bo‘lmagan davlatlardan keltiriladigan pomidor mahsulotlariga nisbatan qo‘llanadi. Biroq, YEOII tarkibiga kiruvchi davlatlardan import qilinadigan mahsulotlar mazkur taqiq doirasiga kirmaydi va ular uchun amaldagi tartib saqlanib qoladi.
Shu bilan birga, Qozog‘iston hududi orqali pomidorlarni tranzit usulida tashish hamda ittifoq davlatlari o‘rtasida respublika orqali yuklarni yetkazib berish imkoniyati hamon saqlanib qoladi. Mazkur buyruq 22 iyun kuni imzolangan bo‘lib, aynan qabul qilingan sanadan boshlab kuchga kirgan.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston 2020 yildan buyon Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqida kuzatuvchi davlat maqomiga ega bo‘lib kelmoqda, ammo hozirga qadar tashkilotning to‘liq a’zosi hisoblanmaydi. Shu munosabat bilan O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari hamda xalqaro tashuvchilardan ushbu yangi talab va cheklovlarni inobatga olishlarini so‘ragan.






























Izohlar 0
…