Britaniyada 1,3 million dollarlik ozdiruvchi dorilar sirli o‘g‘irlandi

Buyuk Britaniyada uch nafar jinoyatchi farmatsevtika markazidan taxminan 1,3 million dollar (944 544 funt sterling) qiymatidagi mashhur «Mounjaro» ozdiruvchi dorilarini o‘g‘irlagani uchun qamoq jazosiga hukm qilindi. Bu haqda The Telegraph xabar berdi.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, 55 yoshli Mark Harding, 59 yoshli Robert Taunsend va 44 yoshli Piter Kostello 24 yanvar kuni Hertfordshir grafligining Sent-Olbans shahridagi farmatsevtika obyektiga havo tozalash tizimi orqali kirib, muzlatkichli saqlash xonasini buzib ochgan va dorilarni olib chiqqan.
8 iyul kuni sudya Jonatan Mann har uchala ayblanuvchini 5 yilu 3 oy muddatga ozodlikdan mahrum qildi. Sudda taqdim etilgan videolarda ular ayrim kuzatuv kameralariga qora bo‘yoq sepgani ham aniqlangan.
Tergovga ko‘ra, jinoyat oldindan puxta rejalashtirilgan. Taunsend hodisa vaqtida tashqarida kuzatuvchilik qilgan, shuningdek, u bir hafta oldin obyektni o‘rganib chiqqan. Uchala gumondor 11 fevral kuni qo‘lga olingan.
Politsiya Harding va Taunsendning uylaridan yashirilgan minglab funt sterlingni topgan. Hardingning uyidan qariyb 35 ming funt, Taunsendning uyidan esa 19 900 funt musodara qilingan. Sud bu mablag‘lar o‘g‘irlangan dorilarni sotishdan tushgan daromad bo‘lishi mumkinligini qayd etdi.
O‘g‘irlangan dorilarning umumiy qiymati 944 544 funt sterling bo‘lib, ular hozirgacha topilmagan. Tergov ishlari davom etmoqda.






























Izohlar 0
…