Yaponiya kosmik poygada yangi bosqichga chiqdi: RV-X koʻp marta ishlatiladigan raketasi sinovdan oʻtdi

Yaponiya aerokosmik tadqiqotlar agentligi (JAXA) mamlakat tarixida ilk bor koʻp marta foydalanishga moʻljallangan RV-X eksperimental raketasini muvaffaqiyatli uchirdi va qoʻndirdi. Ushbu sinov kunchiqar mamlakat uchun koinotga parvozlar tannarxini keskin kamaytirish va global kosmik bozorda raqobatbardoshlikni oshirish yoʻlidagi muhim qadam hisoblanadi. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Nosiro poligonida oʻtkazilgan sinovlar davomida apparat vertikal ravishda havoga koʻtarilib, havoda muallaq turish, gorizontal siljish va belgilangan nuqtaga yumshoq qoʻnish amallarini toʻliq bajardi. Loyiha rahbari Takashi Ito soʻzlariga koʻra, raketa 11 metr balandlikka koʻtarilib, 16 metr masofaga siljigan va muvaffaqiyatli yerga qoʻngan. Garchi parvoz bir daqiqadan kam davom etgan boʻlsa-da, u texnologik jihatdan mukammal rejalashtirilgan edi.
Texnologik xususiyatlar va istiqbollar
RV-X raketasi JAXA va Mitsubishi Heavy Industries korporatsiyasi hamkorligida ishlab chiqilgan. Qurilmaning diametri 1,8 metr, balandligi esa 7,3 metrni tashkil etadi. U uzoq muddat xizmat qilishga moʻljallangan maxsus dvigatel va toʻrtta amortizatsiyali tayanch bilan jihozlangan. Muhandislarning taʼkidlashicha, ushbu dvigatel hozirga qadar 165 marotaba olovli sinovlardan muvaffaqiyatli oʻtgan.Hozirda Yaponiya oʻzining eng yangi H3 raketasidan foydalanmoqda, biroq u bir martalik tizim boʻlgani sababli iqtisodiy jihatdan SpaceX kompaniyasining Falcon 9 raketalari bilan raqobatlashishga qiynalmoqda. RV-X loyihasi aynan shu muammoni hal qilishga qaratilgan boʻlib, kelajakda Yaponiyaning toʻliq qayta foydalaniladigan raketa tashuvchilariga ega boʻlishiga zamin yaratadi.
Global raqobat va xalqaro hamkorlik
ixbt.com maʼlumotiga koʻra, Yaponiya ushbu sinovni Xitoy oʻzining koʻp marta ishlatiladigan raketasini muvaffaqiyatli qoʻndirganidan bir kun oʻtib amalga oshirdi. Bu sohada AQSHning SpaceX kompaniyasi yetakchilik qilayotgan boʻlsa-da, Xitoy va endilikda Yaponiya ham peshqadamlar safiga qoʻshilishga intilmoqda. Kosmik missiyalar narxini tushirish bugungi kunda jahon kosmonavtikasining asosiy trendiga aylangan.JAXA faqat oʻz resurslari bilan cheklanib qolmasdan, Germaniya va Fransiya bilan ham koʻp marta foydalaniladigan tizimlar ustida qoʻshma tadqiqotlar olib bormoqda. Kelgusida RV-X raketasini 100 metr balandlikka koʻtarish va murakkabroq manevrlarni amalga oshirish rejalashtirilgan. Ushbu texnologiyalar oʻzlashtirilishi koinotga yuk yetkazib berish xarajatlarini bir necha barobarga arzonlashtirishi kutilmoqda.






























Izohlar 0
…