Germaniyada Ikkinchi jahon urushi davriga oid 500 kilolik bomba topildi

Kyoln shahridagi Yoxannes-Gisberts-Parkda Ikkinchi jahon urushi davriga oid yirik aviabomba aniqlandi. 500 kilogrammlik snaryad so‘nggi kunlarda olib borilgan maxsus qidiruv ishlari vaqtida topilgan.
Mutaxassislar avval hududda 150 ta shubhali joyni tekshiruvga olgan. Keyin ulardan aksariyati xavfsiz deb topilib, ro‘yxat 14 ta nuqtagacha kamaytirilgan. Aviabomba shu nuqtalardan birida bo‘lgan.
Topilma sabab atrofda 500 metrlik xavfsizlik hududi belgilandi. Natijada 4300 nafarga yaqin kishi vaqtincha evakuatsiya qilingan.
Yoxannes-Gisberts-Parkka yaqin joylashgan bolalar shifoxonasi ham bo‘shatildi. Shifoxonada davolanayotgan 43 nafar bemor boshqa kasalxonalarga ko‘chirilgan.
Evakuatsiya bolalar bog‘chasi, Lentpark suzish havzasi va botanika bog‘i faoliyatiga ham ta’sir ko‘rsatdi.
Bomba zararsizlantirilayotgan vaqtda Kyolnda bir qator ko‘chalar yopildi. Ko‘prikka olib boruvchi yo‘llarda ham harakat cheklandi. Shuningdek, bir tramvay liniyasi va uchta avtobus yo‘nalishi vaqtincha to‘xtatildi.































Izohlar 0
…