Apple va OpenAI o‘rtasida sud mojarosi boshlandi

Apple OpenAI va o‘zining ikki sobiq xodimiga qarshi sudga da’vo kiritdi. Kompaniya OpenAIni iste’molchi qurilmalari yo‘nalishidagi ishlanmalari uchun Applening tijoriy sirlaridan foydalanganlikda ayblamoqda.
Reuters ma’lumotiga ko‘ra, da’vo Kaliforniya federal sudiga kiritilgan. Unda Applening sobiq xodimlari Tang Tan va Chang Liu ham javobgar sifatida ko‘rsatilgan. Apple ular maxfiy texnik ma’lumotlarni qo‘lga kiritgan va OpenAI manfaati uchun ishlatgan bo‘lishi mumkinligini da’vo qilmoqda.
The Verge yozishicha, Apple da’vosida OpenAI ishga qabul jarayonida sobiq Apple xodimlaridan loyihalarga oid ma’lumotlar va prototiplar haqida so‘ragani iddao qilingan. Shuningdek, kompaniya Chang Liu Apple tizimlariga kirib, ayrim fayllarni ko‘chirganini ta’kidlamoqda.
AP xabarida qayd etilishicha, Apple ushbu ishda OpenAI bilan birga io Products kompaniyasini ham tilga olgan. Mazkur yo‘nalish OpenAI'ning apparat qurilmalar bozoriga kirish rejalari bilan bog‘lanmoqda.
Apple da’vosiga ko‘ra, kompaniya OpenAI'ga fevral oyidayoq o‘z xavotirlarini bildirgan, biroq vaziyat hal etilmagan. OpenAI esa o‘g‘irlangan ma’lumotlarga qiziqishi yo‘qligini bildirib, ayblovlarni rad etgan.
Hozircha sud yakuniy qaror chiqargani yo‘q. Ish bo‘yicha keyingi jarayonlarda Apple taqdim etgan dalillar va OpenAI'ning javob pozitsiyasi ko‘rib chiqiladi.































Izohlar 0
…