6 yoshli bola dam olish kunlarini tog‘ tozalashga bag‘ishladi

Xitoyda ota va uning 6 yoshli o‘g‘lining ezgu tashabbusi ijtimoiy tarmoqlarda ko‘plab foydalanuvchilarning e’tiborini qozondi. Ular har dam olish kunlari sayyohlar tashlab ketgan plastik chiqindilarni yig‘ish uchun tog‘larga yo‘l oladi.
Ma’lum bo‘lishicha, bu odat dastlab bolaning telefondan ortiqcha foydalanishini kamaytirish maqsadida boshlangan. Biroq vaqt o‘tishi bilan oddiy mashg‘ulot tabiatni asrash, mehnatsevarlik va ekologik mas’uliyatni farzandga amalda singdiradigan oilaviy an’anaga aylangan.
Ota va o‘g‘il har safar tog‘ yo‘llari bo‘ylab sayr qilib, yo‘laklar va dam olish maskanlarida qoldirilgan plastik idish hamda boshqa chiqindilarni yig‘ib chiqadi. So‘nggi sayohatlaridan birida ular qariyb to‘rt soat davomida 166 ta bo‘sh plastik idishni to‘plashga muvaffaq bo‘lgan.
Yig‘ilgan chiqindilar esa sotib yuborilmagan. Aksincha, ular plastik chiqindilarni yig‘ish bilan shug‘ullanadigan tozalik xodimlariga bepul topshirilgan. Ushbu tashabbus internet foydalanuvchilari tomonidan iliq kutib olinib, ko‘pchilik ota-onalar uchun farzand tarbiyasida ibrat bo‘ladigan namuna sifatida e’tirof etilmoqda.






























Izohlar 0
…